Maxfiylik siyosati (shaxsga doir ma’lumotlarga ishlov berish siyosati)

BuySale xizmati · 1.1-tahrir · Kuchga kirish sanasi: 2026-yil 10-oktabr

Ushbu Maxfiylik siyosatining asosiy matni — o‘zbek tilidagi matn. Rus va ingliz tilidagi matnlar uning tarjimasi; ingliz tilidagi tarjima faqat ma’lumot uchun beriladi. Matnlar o‘rtasida farq bo‘lsa, o‘zbek tilidagi matn qo‘llaniladi.

Ushbu Maxfiylik siyosati (keyingi o‘rinlarda — Siyosat) "BUYSALE" mas’uliyati cheklangan jamiyati (STIR: 313346068; keyingi o‘rinlarda — Operator yoki BuySale) BuySale xizmati orqali shaxsga doir ma’lumotlarga qanday ishlov berishini belgilaydi: qanday ma’lumotlar yig‘iladi, ular nima uchun ishlatiladi, qayerda saqlanadi, kimga uzatiladi, qancha muddat saqlanadi va qanday himoya qilinadi.

Siyosat O‘zbekiston Respublikasining 2019-yil 2-iyuldagi O‘RQ-547-son «Shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risida»gi Qonuni (keyingi o‘rinlarda — O‘RQ-547-son Qonun) va unga muvofiq qabul qilingan hujjatlar asosida tuzilgan. U BuySale xizmatidan foydalanish to‘g‘risidagi Ommaviy ofertaning (https://buysale.uz/oferta/) ajralmas qismi hisoblanadi. Shaxsga doir ma’lumotlar masalalarida Siyosat va Ommaviy oferta o‘rtasida farq bo‘lsa, Siyosat qo‘llaniladi.

Asosiy qoidalar qisqacha:
1) ma’lumotlar O‘zbekistonda joylashgan serverlarda saqlanadi;
2) AI (sun’iy intellekt) funksiyalaridan foydalanganingizda kerakli ma’lumotlar Amerika Qo‘shma Shtatlaridagi (AQSh) Anthropic PBC kompaniyasiga yuboriladi;
3) kirish kodlari va xabarlar Telegram orqali yuboriladi, BuySale xizmatining butun trafigi Cloudflare tarmog‘i orqali o‘tadi;
4) Operator administratorlari yordam va tekshiruv uchun do‘kon kabinetiga kirishi mumkin, bu haqda har safar alohida xabar berilmaydi;
5) BuySale xizmati to‘xtaganidan keyin 6 oy davomida balans to‘ldirilmagan, ilovadan foydalanilmagan va Telegram bot orqali yozuv qilinmagan bo‘lsa, do‘kon egasi kamida 30 kalendar kun oldin ogohlantirilib, do‘kon hisobi o‘chiriladi;
6) balans Rahmat to‘lov sahifasi orqali to‘ldiriladi: karta ma’lumotlari faqat shu sahifada kiritiladi va Operatorga berilmaydi; Operator to‘lov bo‘yicha niqoblangan karta raqami va to‘lov ma’lumotlarini (summa, komissiya, sana, holat va boshqalar — 2.7-band) saqlaydi;
7) ma’lumotlar sotilmaydi.

Agar Siyosat shartlariga rozi bo‘lmasangiz, BuySale xizmatidan foydalanmang.

1. Umumiy qoidalar

1.1 Operator — "BUYSALE" mas’uliyati cheklangan jamiyati, STIR: 313346068, yuridik manzili: Xorazm viloyati, Urganch shahri, Tozabog’ MFY, Obodlik ko’chasi, 27-uy, 11-xonadon, pochta manzili: Xorazm viloyati, Urganch shahri, Tozabog’ MFY, Obodlik ko’chasi, 27-uy, 11-xonadon. Operator BuySale xizmatini ko‘rsatadi va ushbu Siyosatda ko‘rsatilgan shaxsga doir ma’lumotlarga ishlov beradi.

1.2 BuySale xizmati (keyingi o‘rinlarda — Xizmat) — kichik do‘konlar uchun bulutli hisob dasturi: kassa, ombor, qarz daftari, ta’minotchilar, xodimlar va ularning ruxsatlari, hisobotlar, shtrix-kodni skanerlash, yorliq va chek chop etish, AI yordamchi. Xizmat fiskal kassa apparati emas: u fiskal chek bermaydi va soliq organlarining axborot tizimlariga ulanmagan.

1.3 Siyosat Xizmatning barcha qismlariga tatbiq etiladi: https://buysale.uz sayti, https://app.buysale.uz veb-ilovasi, BuySale Android ilovasi va BuySale Telegram boti. Siyosat siz o‘zingiz foydalanadigan boshqa kompaniyalar xizmatlariga (Telegram ilovasining o‘zi, bank va to‘lov ilovalari, brauzer) tatbiq etilmaydi — ularning o‘z qoidalari bor.

1.4 Siyosatda Ommaviy ofertadagi atamalar (Foydalanuvchi, Shartnoma, Hisob (kabinet), Balans, Kunlik to‘lov) o‘sha ma’noda qo‘llaniladi, matnda kichik harf bilan yozilgan bo‘lsa ham. Bundan tashqari quyidagi atamalar ishlatiladi:
1) do‘kon egasi — Ommaviy ofertani aksept qilib, telefon raqami orqali Hisob ochgan shaxs (Ommaviy ofertadagi Foydalanuvchi);
2) xodim — do‘kon egasi Xizmatga qo‘shgan va do‘kon telefon raqami hamda PIN-kod bilan kiradigan shaxs;
3) do‘kon mijozi — ma’lumotlarini do‘kon egasi yoki xodim Xizmatga kiritgan xaridor, jumladan qarzdor (Ommaviy ofertadagi Mijoz);
4) ta’minotchi — ma’lumotlarini do‘kon egasi yoki xodim Xizmatga kiritgan yetkazib beruvchi;
5) administrator — Operator tomonidan Xizmatni boshqarish va qo‘llab-quvvatlash uchun vakolat berilgan shaxs;
6) sayt tashrifchisi — buysale.uz saytiga kirgan shaxs;
7) subyekt — shaxsga doir ma’lumotlariga ishlov berilayotgan jismoniy shaxs;
8) siz — Siyosat matni qaratilgan subyekt (asosan do‘kon egasi).
«Shaxsga doir ma’lumotlar», «ishlov berish», «mulkdor», «operator», «uchinchi shaxs», «transchegaraviy uzatish» va «yo‘q qilish» atamalari O‘RQ-547-son Qonundagi ma’noda qo‘llaniladi. Muddatlar, agar ish kuni deb ko‘rsatilmagan bo‘lsa, kalendar kunlarda hisoblanadi.

1.5 Do‘kon egasi ilovaga birinchi marta kirganda va hujjatning yangi tahriri e’lon qilinganda (12.3-band) «Ommaviy oferta va maxfiylik siyosatini o‘qidim, shartlariga roziman» belgisini o‘zi qo‘yadi va «Tasdiqlash va davom etish» tugmasini bosadi. Belgi oldindan qo‘yilmaydi. Xodim tasdiqlay olmaydi. Ishlov berish maqsadlari aniq ko‘rsatilgan ofertani aksept qilish (qabul qilish) subyektning shaxsga doir ma’lumotlariga ishlov berishga roziligi hisoblanadi (Adliya vazirining 2023-yil 15-noyabrdagi 20-mh-son buyrug‘i bilan tasdiqlangan Shaxsga doir ma’lumotlarga ishlov berishning namunaviy tartibi (keyingi o‘rinlarda — Namunaviy tartib) 9-bandining ikkinchi xatboshisi). Bu rozilik 2-bo‘limda ko‘rsatilgan ma’lumotlarga 3-bo‘limdagi maqsadlarda ishlov berishga, ularni 4 va 5-bo‘limlarda ko‘rsatilgan shaxslarga berishga va transchegaraviy uzatishga (Telegram; Cloudflare, Inc.; AI funksiyalaridan foydalanilganda — Anthropic PBC, AQSh) tatbiq etiladi. Rozilik Shartnoma amal qilgan davrda va 6-bo‘limda ko‘rsatilgan saqlash muddatlari tugaguncha amal qiladi hamda 8-bo‘limga ko‘ra chaqirib olinishi mumkin.

1.6 Har bir tasdiq alohida yozuv sifatida saqlanadi: do‘kon, tasdiq paytidagi telefon raqami, hujjat tahriri, IP manzil, qurilma va brauzer haqidagi ma’lumot (user agent), kanal (ilova yoki Telegram), tasdiq vaqti (UTC), hujjat qaysi tilda ko‘rsatilgani, e’lon qilingan hujjatlar matnining raqamli izi (SHA-256) va tasdiqning noyob raqami. Bu yozuv shartlar qabul qilinganini isbotlash uchun kerak.

1.7 Siyosat o‘zbek va rus tillarida e’lon qilinadi; ma’lumot uchun ingliz tilidagi tarjimasi ham berilishi mumkin. Asosiy matn — o‘zbek tilidagi matn, rus va ingliz tilidagi matnlar uning tarjimasi. Matnlar o‘rtasida farq bo‘lsa, o‘zbek tilidagi matn qo‘llaniladi.

1.8 Siyosat Operator rahbari Direktor Abdullayev Akbar Alisherovich tomonidan tasdiqlangan va https://buysale.uz/maxfiylik/ (rus tilida — https://buysale.uz/ru/maxfiylik/) manzilida e’lon qilinadi. Kuchga kirish sanasi: 2026-yil 10-oktabr. Tahrir raqami: 1.1.

2. Qanday ma’lumotlarga ishlov beriladi

2.1 Operator Xizmat ishlashi uchun zarur bo‘lgan ma’lumotlarni yig‘adi. Ma’lumotlarning asosiy qismini do‘kon egasi va xodimlar o‘zlari kiritadi; bir qismi Xizmatdan foydalanish jarayonida avtomatik hosil bo‘ladi yoki Telegramdan olinadi.

2.2 Do‘kon egasi haqida: telefon raqami (hisobga kirish uchun); do‘kon nomi va turi; ism, do‘kon manzili va do‘konning bank kartasi raqami — agar kiritilgan bo‘lsa (karta raqami qarzga savdo cheklarida mijozlarga ko‘rsatiladi); interfeys tili; Telegram bilan bog‘langanda — Telegram foydalanuvchi identifikatori (ID), chat identifikatori, Telegramdagi ism va til; hisobot va bildirishnoma sozlamalari; do‘konni kim taklif qilgani (taklif kodi); balans, sinov muddati va to‘langan kunlar haqidagi ma’lumotlar.

2.3 Xodimlar haqida: ism; 4 xonali PIN-kod (u do‘kon egasiga ilovada ochiq ko‘rinadi); rol va ruxsatlar; xodim faol yoki faol emasligi; Xizmatga kirish vaqtlari; qaysi amalni (savdo, qarz, kirim, smena va boshqalar) qaysi xodim bajargani; xodim AI yordamchidan foydalansa — uning suhbatlari.

2.4 Do‘kon mijozlari haqida: ism; telefon raqami (qarzga yozish uchun majburiy); til; izoh; kredit limiti va qarzga sotish taqiqlanganligi belgisi; eslatma rejimi va eslatmalar jurnali (xabar matni bilan); qarzlar (summa, to‘langan qism, tovar yoki izoh, to‘lash muddati) va to‘lovlar; xaridlar va tovar qaytarishlar tarixi; telefon do‘konlarida — sotilgan qurilmaning IMEI raqami va kafolat ma’lumotlari; mijoz Telegram botga o‘zi ulansa — uning Telegram identifikatori. Mijozning to‘lov intizomi bo‘yicha ishonch bahosi («Ishonchli», «Ehtiyot bo‘ling», «Xavfli», «Yangi mijoz») saqlanmaydi: u har safar faqat shu do‘kon ichidagi to‘lovlar tarixidan hisoblanadi va boshqa do‘konlarga ko‘rsatilmaydi.

2.5 Ta’minotchilar haqida: nomi yoki ismi; telefon raqami; ta’minotchi oldidagi qarzlar; buyurtmalar va ularga yozilgan izohlar; ta’minotchi do‘kon yuborgan havola orqali Telegram botga ulansa — Telegram identifikatori, chat identifikatori, Telegramdagi ism va til.

2.6 Do‘konning savdo ma’lumotlari: tovarlar (nomi, shtrix-kodi, narxi, tannarxi, qoldig‘i, yaroqlilik muddati, surati), savdolar va to‘lov turlari, qaytarishlar, xarajatlar, kassa smenalari, inventarizatsiya, buyurtmalar. Bu ma’lumotlar odatda shaxsga doir emas, lekin mijoz, xodim yoki ta’minotchiga bog‘langanda shaxsga doir ma’lumot bo‘lishi mumkin. Siz kiritgan tovar nomi va shtrix-kodi Xizmatning barcha do‘konlar uchun umumiy tovar katalogini to‘ldirishda ishlatilishi mumkin; katalogga mijoz, xodim yoki ta’minotchi ma’lumotlari kiritilmaydi.

2.7 To‘lovlar haqida: balans harakatlari (to‘ldirish, kunlik to‘lov, AI so‘rovlari uchun yechilgan summa, qaytarilgan to‘lovlar, tuzatishlar), to‘lov usuli, to‘lovchining ismi va to‘lov hujjatining raqami (agar ko‘rsatilgan bo‘lsa). Rahmat to‘lov sahifasi orqali to‘lovlar bo‘yicha Operator quyidagilarni saqlaydi: niqoblangan karta raqami (faqat birinchi 6 va oxirgi 4 raqami ko‘rinadi), karta chiqargan bank va to‘lov tizimining nomi (masalan, Uzcard yoki Humo), to‘lov tashkiloti tizimidagi to‘lovchi identifikatori (agar u berilsa), buyurtma va tranzaksiya raqamlari, to‘ldirish summasi, to‘lov komissiyasi va to‘langan jami summa, to‘lov va qaytarish sanasi va vaqti, to‘lov holati (masalan, to‘langan, rad etilgan yoki qaytarilgan), fiskal chek havolasi va raqami, shuningdek to‘lov paytida ixtiyoriy ravishda kiritilgan savdo agentining telefon raqami. Bu ma’lumotlar to‘lov tashkiloti bilan almashilgan xabarlar jurnalida ham saqlanadi (6.6-band); jurnalga yozishdan oldin karta raqami niqoblanadi, to‘lovchining telefon raqami, elektron pochta manzili, shaxsini tasdiqlovchi va qurilmasi haqidagi ma’lumotlar hamda karta tokeni olib tashlanadi. Kartaning to‘liq raqami, amal qilish muddati, CVV-kodi va tasdiqlash kodlari faqat Rahmat sahifasida kiritiladi; Operator ularni so‘ramaydi, olmaydi va saqlamaydi (4.11-band). Balansni to‘ldirish uchun yuborilgan chek suratlari (ushbu tahrir kuchga kirgunga qadar yoki Ommaviy ofertaning 5.13-bandida nazarda tutilgan hollarda yuborilgan), ular bilan kiritilgan summa, izoh va savdo agentining telefon raqami, chekning holati va administrator izohi 6-bo‘limdagi muddatlarda saqlanadi; chek suratida bank ko‘rsatgan ma’lumotlar bo‘lishi mumkin.

2.8 AI yordamchi va yorliqni o‘qish: savollar matni va AI javoblari, suhbat nomi, savolga ilova qilingan suratlar (bitta savolga 6 tagacha), AI tayyorlagan qoralamalar (tovar kirimi qoralamalari, narx o‘zgartirish takliflari) va narx o‘zgarishlari tarixi, foydalanish statistikasi (model, hajm, narx). Bu Telegram bot orqali berilgan savollarga ham tegishli. Yorliqni o‘qish uchun yuborilgan surat serverda saqlanmaydi, faqat foydalanish yozuvi qoladi.

2.9 Texnik ma’lumotlar: shartlarni tasdiqlash yozuvi (1.6-band); IP manzil (tasdiqlash yozuvida saqlanadi, urinishlar sonini cheklash uchun esa faqat vaqtincha, server xotirasida ishlatiladi); qurilma va brauzer haqidagi ma’lumot (user agent); xodimlarning kirish vaqtlari; shtrix-kod skaneri diagnostikasi (kamera nomi — u telefon modelini ko‘rsatishi mumkin, kamera sozlamalari, skanerlashlar soni va vaqti), u skaner yopilganda avtomatik yuboriladi; sessiya tokeni (qurilmangizda saqlanadi, 10-bo‘lim); serverning texnik jurnallari.

2.10 Kamera, mikrofon va joylashuv: shtrix-kod kamera orqali qurilmaning o‘zida aniqlanadi, kamera tasviri serverga yuborilmaydi; surat faqat siz o‘zingiz yuborganingizda (to‘lov cheki, tovar surati, yorliq, AI uchun surat) serverga tushadi. Ovozli kiritishda nutqni brauzeringiz yoki qurilmangizning nutqni aniqlash xizmati matnga aylantiradi (masalan, Google Chrome buning uchun ovozni Google serverlariga yuborishi mumkin); Operator ovoz yozuvini olmaydi va saqlamaydi, serverga faqat tayyor matn keladi. Joylashuv (geolokatsiya) ma’lumotlari yig‘ilmaydi. Android ilova faqat internet va kamera ruxsatlarini so‘raydi.

2.11 Telegram bot foydalanuvchilari haqida: botga o‘z telefon raqamini ulashgan har bir shaxsning telefon raqami, Telegram identifikatori, chat identifikatori, Telegramdagi ismi va tili — u do‘kon ochmagan bo‘lsa ham; botga yozilgan xabarlarga (masalan, qarz yozuvlari va savollarga) Xizmatda ishlov beriladi.

2.12 Sayt tashrifchilari haqida:
1) murojaat formasi orqali — ism, telefon raqami, do‘kon turi, xabar, til, forma yuborilgan sahifa va brauzer haqidagi ma’lumot;
2) sayt AI yordamchisi orqali — savollar va javoblar, sahifa, til hamda kunlik cheklov uchun IP manzilning qisqartirilgan xeshi. IP manzilning o‘zi saqlanmaydi, lekin xesh ham shaxsni bilvosita aniqlash imkonini beradi;
3) forma va AI yordamchiga so‘rovlar sonini cheklash uchun IP manzil faqat vaqtincha, server xotirasida ishlatiladi;
4) analitika ma’lumotlari — 10-bo‘limga qarang.

2.13 Operator shaxsga doir maxsus ma’lumotlarni (salomatlik, diniy yoki siyosiy e’tiqodlar, sudlanganlik va boshqalar to‘g‘risidagi ma’lumotlar) hamda biometrik va genetik ma’lumotlarni yig‘ishni maqsad qilib qo‘ymaydi. Izoh maydonlariga bunday ma’lumotlarni kiritmang. Dorixonada mijozga bog‘lab yozilgan xaridlar uning sog‘lig‘i haqida ma’lumot berishi mumkin — bunday hollarda 9.3-band qo‘llaniladi.

3. Ishlov berish maqsadlari va huquqiy asoslari

3.1 Operator shaxsga doir ma’lumotlarga O‘RQ-547-son Qonunning 18-moddasida nazarda tutilgan quyidagi asoslarda ishlov beradi: 1) subyekt taraf bo‘lgan shartnomani (Ommaviy ofertani) bajarish yoki shunday shartnoma tuzilguniga qadar subyektning so‘roviga binoan choralar ko‘rish; 2) subyektning roziligi; 3) Operatorning qonunchilikda belgilangan majburiyatlarini bajarish; 4) subyekt huquqlari buzilmasligi sharti bilan Operator yoki uchinchi shaxsning huquqlari va qonuniy manfaatlarini amalga oshirish (keyingi o‘rinlarda — qonuniy manfaat).

3.2 Hisob ochish, kirish va foydalanuvchini aniqlash (kirish kodini yuborish, xodimni PIN-kod bo‘yicha kiritish, sessiyani yuritish) — shartnomani bajarish.

3.3 Xizmat funksiyalarini ko‘rsatish: kassa, ombor, qarz daftari, ta’minotchilar, xodimlar, hisobotlar, eksport, yorliq va chek chop etish — shartnomani bajarish. Do‘kon mijozlari, xodimlari va ta’minotchilari ma’lumotlariga Operator do‘kon egasining topshirig‘i bilan ishlov beradi (9-bo‘lim).

3.4 Telegram orqali xabarlar yuborish: do‘kon egasiga — kirish kodlari, xodim kirgani va PIN-kodni taxmin qilib topishga urinishlar haqida ogohlantirishlar, balans tugashi haqida ogohlantirishlar, kechki moliyaviy hisobot, AI javoblari (asos — shartnomani bajarish va qonuniy manfaat, ya’ni xavfsizlik); mijozga — cheklar, xaridlar va qarz qoldig‘i, ta’minotchiga — buyurtmalar (asos — ular botga o‘zi ulanib bildirgan roziligi).

3.5 Balans va to‘lovlarni hisobga olish, Rahmat to‘lov sahifasi orqali to‘lovlarni qabul qilish, ularning holatini to‘lov tashkilotidan so‘rab tekshirish va qaytarilgan to‘lovlarni hisobga olish, ilgari yuborilgan to‘lov cheklarini tekshirish, taklif va agent bonuslarini hisoblash — shartnomani bajarish; to‘lov hujjatlarini saqlash — qonunchilikda belgilangan majburiyatlarni bajarish. Savdo agentlariga o‘zlari ulagan do‘konlarning nomi, egasining ismi, telefon raqami va balansini ko‘rsatish — agent mukofotini hisoblash va do‘konga yordam berish uchun, Operatorning qonuniy manfaati (4.10-band).

3.6 AI yordamchi va yorliqni o‘qish — ixtiyoriy funksiyalar. Ular uchun ma’lumotlar AI provayderiga (4.3-band) faqat siz yoki xodimingiz shu funksiyadan foydalanganda yuboriladi. Asos — shartnomani bajarish va AI funksiyasidan foydalanish orqali bildirilgan rozilik (4.4 va 4.8-bandlar).

3.7 Qo‘llab-quvvatlash, nosozliklarni aniqlash va tuzatish, to‘lovlar bo‘yicha savollarni hal qilish — shartnomani bajarish va qonuniy manfaat.

3.8 Xavfsizlik: urinishlar sonini cheklash, suiiste’mol va ruxsatsiz kirishni aniqlash, administratorlar harakatlarini audit jurnalida qayd etish — Operator va subyektlarning qonuniy manfaati.

3.9 Xizmatni yaxshilash: skaner diagnostikasi, AI foydalanish statistikasi, sayt tashriflari statistikasi — qonuniy manfaat.

3.10 Sayt orqali kelgan murojaatga javob berish va Xizmat haqida maslahat berish — subyektning so‘roviga binoan shartnoma tuzilguniga qadar choralar ko‘rish; sayt AI yordamchisining javoblari — tashrifchining so‘rovi va qonuniy manfaat.

3.11 Shartlar qabul qilinganini isbotlash, nizolarni hal qilish, davlat organlarining qonuniy so‘rovlarini bajarish — qonuniy manfaat va qonunchilikda belgilangan majburiyatlar.

3.12 Operator shaxsga doir ma’lumotlarni sotmaydi, reklama maqsadida uchinchi shaxslarga bermaydi va ularni Siyosatda ko‘rsatilmagan maqsadlarda ishlatmaydi. Ishlov berish maqsadi o‘zgarsa, Operator subyektning ma’lumotlariga o‘zgargan maqsadga muvofiq ishlov berish uchun roziligini oladi (O‘RQ-547-son Qonunning 19-moddasi).

3.13 Operator subyekt uchun yuridik oqibatlarni keltirib chiqaradigan qarorlarni faqat avtomatlashtirilgan tarzda ishlov berish asosida qabul qilmaydi. Mijozning ishonch bahosi va AI takliflari do‘kon egasi uchun yordamchi ma’lumot; mijozga qarzga sotish yoki sotmaslik haqidagi qarorni do‘kon egasi yoki xodim qabul qiladi.

4. Ma’lumotlar qayerda saqlanadi va kimlarga uzatiladi

4.1 Xizmatning ma’lumotlar bazasi va yuklangan fayllar (suratlar) O‘zbekiston Respublikasi hududida jismonan joylashgan serverlarda saqlanadi. Ma’lumotlarning zaxira nusxalari ham O‘zbekiston hududida saqlanadi.

4.2 Xizmat ishlashi uchun ma’lumotlarning bir qismi quyidagi qabul qiluvchilarga uzatiladi yoki ular orqali o‘tadi. Ularning ayrimlari ma’lumotlarga O‘zbekistondan tashqarida ishlov beradi, bu O‘RQ-547-son Qonunning 15-moddasiga ko‘ra transchegaraviy uzatish hisoblanadi. Operator ularga faqat tegishli funksiya ishlashi uchun zarur ma’lumotni beradi va ma’lumotlarni himoya qilish bo‘yicha qonunda belgilangan majburiyatlarini saqlab qoladi. Ushbu bo‘lim unda ko‘rsatilgan qabul qiluvchilarga ma’lumot berilishi haqidagi oldindan yozma xabarnoma hisoblanadi. Yangi qabul qiluvchi qo‘shilsa, Siyosat 12-bo‘limda belgilangan tartibda oldindan o‘zgartiriladi va har qanday holatda subyektlar unga ma’lumot berilgan kundan boshlab 3 kundan kechiktirmay 12.2-bandda ko‘rsatilgan kanallar orqali xabardor qilinadi (O‘RQ-547-son Qonunning 23-moddasi).

4.3 Anthropic PBC (Amerika Qo‘shma Shtatlari) — AI yordamchi va yorliqni o‘qish uchun Claude modellarini taqdim etadi. Ma’lumot faqat quyidagi funksiyalardan foydalanilganda yuboriladi: ilovadagi AI yordamchi; Telegram botdagi AI javoblari; tovar yorlig‘ini surat orqali o‘qish; buysale.uz saytidagi AI yordamchi. Anthropic PBC olingan ma’lumotlarni o‘z shartlarida belgilangan muddat davomida saqlashi mumkin; bu muddatni Operator belgilamaydi.

4.4 Anthropic PBC kompaniyasiga quyidagi ma’lumotlar yuboriladi:
1) ilovadagi va Telegram botdagi AI yordamchida — savol matni, ilova qilingan suratlar, shu suhbatning oldingi xabarlari hamda AI javob berish uchun Xizmatdan olgan do‘kon ma’lumotlari: tovarlar va qoldiqlar, savdolar (savdo cheklari: tovarlar ro‘yxati, summa, to‘lov turi, mijoz va sotuvchi ismi), xarajatlar, foyda va tannarx (savol bergan shaxsda bunga ruxsat bo‘lsa), xodimlarning ismi va ish ko‘rsatkichlari, balans; savolga qarab — mijozlarning ismi, telefon raqami, qarz summasi, to‘lash muddati va izohlar, ta’minotchilarning nomi va telefon raqami. Dorixonada bu ro‘yxatlar mijozning sog‘lig‘i haqida ma’lumot berishi mumkin (2.13 va 9.3-bandlar);
2) yorliqni o‘qishda — yorliq surati;
3) sayt AI yordamchisida — tashrifchi yozgan xabarlar, sahifa manzili va til. IP manzil va do‘konlar ma’lumotlari yuborilmaydi; yordamchi faqat sayt mazmuni asosida javob beradi.

4.5 Telegram — kirish kodlari, do‘kon egasiga bildirishnomalar va hisobotlar, AI javoblari, mijozlarga cheklar va qarz ma’lumotlari hamda ta’minotchilarga buyurtmalar Telegram Bot API orqali yuboriladi. Telegram xabar matnini va qabul qiluvchining Telegram identifikatorini oladi. Telegramdan Operatorga foydalanuvchi identifikatori, chat identifikatori, ism, til va foydalanuvchi o‘zi ulashgan telefon raqami keladi. Ilova sahifasi ochilganda telegram.org saytidan Telegram skripti yuklanadi, bunda Telegram IP manzilingiz va brauzer ma’lumotini oladi. Telegram ma’lumotlarga o‘z qoidalariga ko‘ra, jumladan O‘zbekistondan tashqarida ishlov beradi; ma’lumotlarga qaysi davlatda ishlov berilishini Operator belgilamaydi.

4.6 Cloudflare, Inc. (Amerika Qo‘shma Shtatlari) — Xizmatning barcha domenlari (buysale.uz, app.buysale.uz va boshqalar) Cloudflare tarmog‘i orqali (Cloudflare Tunnel) ishlaydi. Qurilmangiz va Xizmat serveri o‘rtasidagi barcha so‘rovlar va javoblar, jumladan ulardagi shaxsga doir ma’lumotlar, IP manzilingiz va brauzer ma’lumoti Cloudflare tarmog‘i orqali o‘tadi: qurilmangizdan kelgan shifrlangan ulanish Cloudflare tarmog‘ida tugaydi va serverga tunnel orqali davom etadi. Cloudflare tarmog‘i turli davlatlardagi ma’lumotlar markazlaridan iborat. Operator ma’lumotlar bazasini Cloudflare serverlarida saqlamaydi. Yuklangan suratlar (to‘lov cheklari, tovar va AI suratlari) Cloudflare tarmog‘ida va brauzeringiz keshida 24 soatgacha vaqtincha saqlanishi mumkin.

4.7 buysale.uz saytida shuningdek quyidagi xizmatlar ishlatiladi: Yandex Metrika (Yandex, Rossiya Federatsiyasi) — tashriflar statistikasi va sahifadagi harakatlarni yozib olish uchun; Google Fonts (Google LLC, Amerika Qo‘shma Shtatlari) — shriftlarni yuklash uchun, bunda Google IP manzilingiz va brauzer ma’lumotini oladi. Batafsil — 10-bo‘limda. Ilovada (app.buysale.uz) bu xizmatlar ishlatilmaydi.

4.8 AI funksiyalaridan foydalanish ixtiyoriy. Ulardan foydalanganingizda 4.4-bandda ko‘rsatilgan ma’lumotlar, jumladan do‘kon mijozlari, xodimlari va ta’minotchilarining shaxsga doir ma’lumotlari, AQShga uzatiladi. AI funksiyasidan foydalanib, siz (do‘kon egasi yoki xodim) bu uzatish haqida xabardor ekaningizni tasdiqlaysiz va o‘z shaxsga doir ma’lumotlaringizni AQShga transchegaraviy uzatishga rozilik berasiz. Do‘kon mijozlari, xodimlari va ta’minotchilarining ma’lumotlari bo‘yicha savolni AI yordamchiga faqat do‘kon egasi ularning transchegaraviy uzatishga roziligini olgan bo‘lsa bering (O‘RQ-547-son Qonunning 15-moddasi); bunday rozilik bo‘lmasa, AI yordamchidan savdo cheklari, mijozlar, qarzlar, ta’minotchilar va xodimlar haqida so‘ramang. Ma’lumotlar AQShga uzatilishini umuman istamasangiz:
1) ilovadagi AI yordamchidan va yorliqni surat orqali o‘qishdan foydalanmang;
2) Telegram botga qarz yozuvidan boshqa matn yubormang. Bot AI yordamchiga quyidagi xabarlarni yuboradi: «?» belgisi bilan tugaydigan xabar; /savol, /савол, /ai yoki /вопрос buyrug‘i bilan boshlanadigan xabar; bot xabariga javob tariqasida yozilgan xabar; qarz yozuvi sifatida tushunilmagan boshqa har qanday xabar;
3) xodimlardan «AI yordamchi bilan gaplashish» ruxsatini olib qo‘ying va ularga AI funksiyalaridan foydalanmaslikni ayting. Yorliqni surat orqali o‘qish tugmasi «Tovar qabul qilish (kirim)» ruxsati bor xodimlarga ochiq va alohida o‘chirilmaydi;
4) saytdagi AI yordamchiga shaxsga doir ma’lumot yozmang.

4.9 Telegram va Cloudflare orqali ishlov berish Xizmatning asosiy ishlashi uchun zarur: kirish kodi faqat Telegram orqali yuboriladi, Xizmatga esa faqat Cloudflare tarmog‘i orqali kirish mumkin. Shu sababli Xizmatdan foydalanganda bu ishlov berishdan voz kechib bo‘lmaydi.

4.10 BuySale savdo agentlari (Xizmatni do‘konlarga taklif qiluvchi shaxslar) o‘zlari orqali ulangan do‘konlarning nomi, egasining ismi, telefon raqami va balansini ko‘radi. Do‘kon egasi balansni to‘ldirishda agentning telefon raqamini ixtiyoriy ravishda kiritsa, do‘kon shu agentga ulanadi: chek orqali to‘lovda — chek tasdiqlanganda, Rahmat to‘lov sahifasi orqali to‘lovda esa do‘konning shu sahifa orqali qilingan to‘lovlari jami Operator belgilagan agent mukofoti miqdoriga yetganda. Agentlar do‘kon kabinetiga kira olmaydi. Agentlar bu ma’lumotlardan faqat 3.5-bandda ko‘rsatilgan maqsadda foydalanishi va ularni oshkor qilmasligi shart (O‘RQ-547-son Qonunning 28-moddasi).

4.11 «Multicard Payment» AJ (O‘zbekiston Respublikasi) — to‘lov tashkiloti; Rahmat to‘lov sahifasi orqali balansni to‘ldirish uchun to‘lovlarni qabul qiladi va ular bo‘yicha fiskal chekni shakllantiradi. Karta ma’lumotlari (karta raqami, amal qilish muddati, CVV-kod) va to‘lovni tasdiqlash kodlari faqat Rahmat sahifasida kiritiladi; ularga to‘lov tashkiloti va karta chiqargan bank o‘z qoidalari va qonunchilikka muvofiq ishlov beradi, Operator ularni olmaydi. Operator to‘lov tashkilotiga faqat to‘lov summasini, buyurtma raqamini va to‘lov sahifasini ochish uchun zarur texnik ma’lumotlarni (masalan, til va qaytish manzili) uzatadi, fiskal chek uchun esa xizmat nomi, uning soliq tasnifi kodlari va Operatorning STIR raqamini ham uzatishi mumkin; do‘kon nomi, telefon raqami va do‘konning boshqa ma’lumotlari uzatilmaydi. To‘lov tashkilotidan Operatorga 2.7-bandda ko‘rsatilgan to‘lov ma’lumotlari keladi. To‘lov tashkiloti ma’lumotlarni qonunchilikda va o‘z qoidalarida belgilangan muddat davomida saqlaydi; bu muddatni Operator belgilamaydi. Rahmat sahifasidan foydalanishga to‘lov tashkilotining o‘z qoidalari tatbiq etiladi (1.3-band).

4.12 Davlat organlari qonunchilikda belgilangan asosda so‘raganda Operator ma’lumotlarni ularga taqdim etadi. Bunda, qonunchilikda taqiqlangan hollardan tashqari, subyekt xabardor qilinadi.

4.13 Ushbu bo‘limda ko‘rsatilmagan uchinchi shaxslarga shaxsga doir ma’lumotlar faqat subyektning roziligi bilan yoki qonunchilikda nazarda tutilgan hollarda beriladi.

4.14 Ovozli kiritishda nutqni brauzeringiz yoki qurilmangiz ishlab chiqaruvchisining nutqni aniqlash xizmati (masalan, Google yoki Apple) matnga aylantiradi (2.10-band). Bu ma’lumotni Operator uzatmaydi va olmaydi: uni brauzeringiz yoki qurilmangiz o‘z qoidalariga ko‘ra yuboradi. Buni istamasangiz, ovozli kiritishdan foydalanmang.

5. Administratorlarning do‘kon ma’lumotlariga kirishi

5.1 Administratorlar ma’muriy panel orqali quyidagi do‘kon ma’lumotlarini ko‘rishi mumkin: do‘kon profili; balans va to‘lovlar; to‘lov cheklari suratlari; do‘kon faoliyati tasmasi (mijoz ismi ko‘rsatilgan savdolar va qarzlar, mijozlar ro‘yxati va ularning telefon raqamlari, ta’minotchilar, tovarlar, kirishlar, xodimlar, savollar matnisiz AI foydalanish statistikasi); eslatmalar jurnali (qarzdor ismi, telefon raqami va xabar matni). Administratorlar do‘kon nomi, egasining ismi va kirish telefon raqamini o‘zgartirishi mumkin. Ular sayt murojaatlari va sayt AI yordamchisi yozuvlarini ham ko‘radi.

5.2 Administrator do‘kon kabinetiga kirishi ham mumkin. Bunda ilova do‘kon egasi huquqlari bilan, kirish kodisiz, 2 soatgacha ochiladi. Kabinet ichida administrator do‘konning barcha ma’lumotlarini, jumladan AI suhbatlarini ko‘radi va do‘kon egasi nomidan amallar bajarishi mumkin.

5.3 Bunday kirish faqat quyidagi maqsadlarda amalga oshiriladi: do‘kon egasi yoki xodimining murojaati bo‘yicha yordam berish; nosozliklarni aniqlash va tuzatish; to‘lovlar va balansni tekshirish va tuzatish; xavfsizlik hodisalarini yoki Xizmatni suiiste’mol qilish holatlarini tekshirish; qonunchilik talablarini bajarish. Administrator kabinet ichida Ommaviy oferta va Siyosatni do‘kon egasi nomidan tasdiqlamaydi.

5.4 Kabinetga har bir kirish Operatorning ichki audit jurnalida qayd etiladi: qaysi administrator, qachon va qaysi do‘konga kirgani. Ma’muriy paneldagi o‘zgartirishlar (bloklash, balansni o‘zgartirish, do‘kon ma’lumotlari va sozlamalarini o‘zgartirish, o‘chirish) ham shu jurnalga yoziladi. Ma’muriy panelda ma’lumotlarni ko‘rish jurnalga alohida yozilmaydi. Kabinet ichida bajarilgan amallar do‘kon tarixida do‘kon egasining amallari kabi ko‘rinadi.

5.5 Operator do‘kon egasini administratorning har bir ko‘rishi yoki kabinetga kirishi haqida alohida xabardor qilmaydi. Ushbu Siyosatni qabul qilib, do‘kon egasi bunday kirish imkoniyati haqida xabardor ekanini tasdiqlaydi. Do‘kon egasi 8-bo‘limda belgilangan tartibda o‘z do‘koni kabinetiga kim va qachon kirgani haqida ma’lumot so‘rashi mumkin.

5.6 Administratorlar shaxsiy hisob va belgilangan rol bilan ishlaydi. Ular ma’lumotlardan faqat xizmat vazifalarini bajarish uchun foydalanishi va ularni oshkor qilmasligi shart (O‘RQ-547-son Qonunning 12 va 28-moddalari).

6. Saqlash muddatlari va yo‘q qilish

6.1 Shaxsga doir ma’lumotlar ishlov berish maqsadiga erishilguncha saqlanadi (O‘RQ-547-son Qonunning 10-moddasi). Do‘kon hisobi faol bo‘lgan davrda, agar ushbu bo‘limda boshqa muddat ko‘rsatilmagan bo‘lsa, do‘kon ma’lumotlari do‘kon egasi yoki xodim ularni o‘chirguncha saqlanadi. Maqsadga erishilgach, ushbu bo‘limda boshqacha muddat ko‘rsatilmagan bo‘lsa, ma’lumotlar 3 kun ichida yo‘q qilinadi (Namunaviy tartibning 23-bandi).

6.2 Faol bo‘lmagan hisoblar: agar Xizmat to‘xtagan bo‘lsa (balans nolga teng yoki manfiy, Ommaviy ofertaning 5.6-bandi) va shundan keyin 6 oy davomida balans to‘ldirilmagan, ilovadan (do‘kon egasi yoki xodim tomonidan) foydalanilmagan va Telegram bot orqali yozuv qilinmagan bo‘lsa, Operator do‘kon hisobini va uning ma’lumotlarini o‘chiradi, 6.4-bandda ko‘rsatilgan ma’lumotlar bundan mustasno. O‘chirishdan kamida 30 kalendar kun oldin ogohlantirish Telegram bot orqali (bot ulangan bo‘lsa) yuboriladi va ilovada ko‘rsatiladi. O‘chirish sanasigacha balans to‘ldirilsa, ilovadan foydalanilsa yoki Telegram bot orqali yozuv qilinsa, o‘chirish bekor qilinadi.

6.3 Do‘kon egasi hisobni va do‘kon ma’lumotlarini o‘chirishni 8.4-bandda ko‘rsatilgan kanallar orqali so‘rashi mumkin. Operator arizachining shaxsini tekshiradi (8.5-band) va ma’lumotlarni ariza kelib tushgan kundan keyingi ish kunidan kechiktirmay o‘chiradi, 6.4-bandda ko‘rsatilgan ma’lumotlar bundan mustasno; shaxsni tasdiqlab bo‘lmasa, arizachiga shu muddatda xabar beriladi. O‘chirishni qaytarib bo‘lmaydi. Ilovada savdo hisobotlari va xarajatlarni (CSV) hamda ombor ro‘yxatini (XLSX) yuklab olish mumkin; mijozlar, qarzlar, ta’minotchilar va xodimlar ro‘yxatini yuklab olish imkoniyati ilovada hozircha yo‘q, shuning uchun ular kerak bo‘lsa, o‘chirishni so‘rashdan oldin ularning nusxasini 8.4-banddagi kanallar orqali so‘rang. Balans qoldig‘i masalasi Ommaviy ofertaga muvofiq hal qilinadi.

6.4 Hisob o‘chirilgandan keyin ham quyidagilar saqlanadi:
1) to‘lovlar va balans harakatlari yozuvlari (Rahmat to‘lov sahifasi orqali to‘lovlar bo‘yicha — to‘langan jami summa, to‘lov komissiyasi, niqoblangan karta raqami va tranzaksiya raqami bilan), to‘lov cheklari (suratlari bilan) hamda o‘chirilgan do‘kon yozuvining nusxasi (do‘kon nomi va turi, telefon raqami, egasining ismi, manzil, karta raqami, Telegram identifikatori va sozlamalar) — buxgalteriya hisobi uchun va nizolarda dalil sifatida, tegishli yil tugaganidan keyin 5 yil;
2) shartlarni tasdiqlash yozuvlari — shartnoma amal qilgan davrda va shartnoma bekor qilinganidan keyin 5 yil;
3) administratorlar harakatlarining audit jurnali (do‘kon nomi va telefon raqami bilan) — yozuv qilingan kundan boshlab 5 yil;
4) nizo yoki davlat organining so‘rovi bo‘lsa — nizo hal bo‘lguncha yoki so‘rov bajarilguncha zarur ma’lumotlar.
Bu ma’lumotlar boshqa maqsadlarda ishlatilmaydi.

6.5 AI suhbatlari: 30 kun davomida yangilanmagan suhbatlar har kuni avtomatik ravishda o‘chiriladi. Bundan har bir do‘konning eng so‘nggi 20 ta suhbati (xodim va kanal bo‘yicha alohida) mustasno: ular qancha vaqt o‘tganidan qat’i nazar, siz ularni o‘chirguningizcha yoki hisob o‘chirilguncha saqlanadi. AI yordamchiga yuborilgan xabarlarga ilova qilingan suratlar har qanday holatda 30 kundan keyin o‘chiriladi. Tasdiqlanmagan tovar kirimi qoralamalari 7 kundan keyin o‘chiriladi. Suhbatlarni ilovada istalgan vaqtda o‘zingiz o‘chirishingiz mumkin.

6.6 Boshqa muddatlar: kirish kodi — 5 daqiqa, faqat server xotirasida; urinishlar hisoblagichlari (ularda telefon raqami yoki IP manzil bo‘lishi mumkin) — 2 kungacha, faqat server xotirasida; skaner diagnostikasi — har bir do‘kon uchun oxirgi 200 ta yozuv; xodimlarning kirish jurnali (xodim o‘chirilgan bo‘lsa ham uning ismi bilan), eslatmalar jurnali, AI foydalanish statistikasi va narx o‘zgarishlari tarixi — do‘kon hisobi o‘chirilguncha; Rahmat to‘lov sahifasi orqali to‘lovlar bo‘yicha to‘lov tashkiloti bilan almashilgan xabarlar jurnali (2.7-banddagi ma’lumotlar bilan) — yozuv qilingan kundan boshlab 365 kun, do‘kon hisobi o‘chirilgan bo‘lsa ham.

6.7 Hisob o‘chirilganda quyidagilar avtomatik o‘chirilmaydi va subyektning so‘roviga ko‘ra 8.4-banddagi kanallar orqali o‘chiriladi: Telegram bog‘lanishi yozuvi (telefon raqami va Telegram identifikatori); serverga yuklangan tovar suratlari va AI uchun yuborilgan surat fayllari. Do‘kon qo‘shgan shtrix-kodlar va tovar nomlari umumiy tovar katalogida qoladi (2.6-band); ularda shaxsga doir ma’lumot yo‘q.

6.8 Sayt murojaatlari va sayt AI yordamchisi yozuvlari 12 oy davomida saqlanadi, so‘ngra o‘chiriladi.

6.9 Zaxira nusxalar faqat ma’lumotlarni nosozlikdan keyin tiklash uchun ishlatiladi. Asosiy bazadan o‘chirilgan ma’lumotlar zaxira nusxalarda ular almashtirilguncha saqlanib qolishi mumkin; bu muddat eng ko‘pi bilan 30 kun.

6.10 Qonunchilikda boshqa saqlash muddati belgilangan bo‘lsa, o‘sha muddat qo‘llaniladi.

7. Himoya choralari

7.1 Operator shaxsga doir ma’lumotlarni himoya qilish uchun huquqiy, tashkiliy va texnik choralar ko‘radi (O‘RQ-547-son Qonunning 27-moddasi). Xizmatda hozir quyidagi choralar qo‘llaniladi.

7.2 Kirish kodi: do‘kon egasi 6 xonali bir martalik kod bilan kiradi. Kod 5 daqiqa amal qiladi va faqat Telegram bot orqali yuboriladi. Kod SMS orqali yuborilmaydi. Ilova Telegram ichida ochilganda Telegram akkauntiga bog‘langan do‘kon hisobiga kodsiz, Telegram imzolagan ma’lumotlar orqali kiriladi.

7.3 Urinishlar cheklovi: kirish kodi, xodim PIN-kodi yoki ma’muriy panel paroli bir necha marta noto‘g‘ri kiritilsa, ularni taxmin qilib topishdan himoya qilish uchun kirish vaqtincha bloklanadi. Xodim PIN-kodini taxmin qilib topishga urinishlar haqida do‘kon egasiga Telegram orqali ogohlantirish yuboriladi. Kirish kodini so‘rashlar soni hamda sayt formasi va sayt AI yordamchisiga so‘rovlar soni ham cheklangan.

7.4 Sessiya: kirishdan keyin qurilmaga imzolangan token beriladi, u 30 kun amal qiladi. Har bir so‘rovda do‘kon bloklanmagani, xodim faolligi va uning ruxsatlari qayta tekshiriladi, shuning uchun faolsizlantirilgan xodim keyingi so‘rovdayoq kirish huquqini yo‘qotadi.

7.5 Ruxsatlar: xodim faqat do‘kon egasi bergan ruxsatlar doirasida ishlaydi. Balans, xodimlar ro‘yxati va taklif dasturi faqat do‘kon egasiga ochiq; tannarx va foyda bunga ruxsati bo‘lmagan xodimga ko‘rsatilmaydi; AI orqali ma’lumotlarni o‘zgartirish alohida ruxsat talab qiladi.

7.6 Bildirishnomalar: xodim Xizmatga kirganda do‘kon egasiga Telegram orqali xabar yuboriladi (bu sozlama dastlab yoqilgan bo‘ladi, uni ilovada o‘zgartirish mumkin).

7.7 Administratorlar: ma’muriy panelga har bir administrator shaxsiy login va parol bilan kiradi; parollar ochiq holda emas, xesh ko‘rinishida saqlanadi; kirish huquqlari rollar bo‘yicha cheklangan; do‘kon kabinetiga kirish va ma’muriy o‘zgartirishlar audit jurnaliga yoziladi.

7.8 Ulanish va Telegram: sayt va ilova bilan ulanish HTTPS protokoli orqali amalga oshiriladi; Telegramdan keladigan so‘rovlar maxfiy kalit orqali, Telegram ichidan kirish esa Telegram imzosi orqali tekshiriladi.

7.9 Shaxsga doir ma’lumotlarga ishlov berish va ularni himoya qilish uchun mas’ul shaxs: Nazarov Kamronbek Rasulovich, hammuassis.

7.10 Hech bir tizim to‘liq xavfsizlikni kafolatlay olmaydi. O‘z hisobingizni himoya qilish uchun: Telegram akkauntingizda ikki bosqichli tasdiqlashni yoqing; kirish kodini hech kimga bermang — Operator administratorlari uni so‘ramaydi; xodimlarning PIN-kodlarini begonalarga ko‘rsatmang; ishdan ketgan xodimni darhol faolsizlantiring yoki o‘chiring; begona qurilmada ishlagandan keyin hisobdan chiqing.

8. Subyektlarning huquqlari va murojaat tartibi

8.1 Subyekt (do‘kon egasi, xodim, do‘kon mijozi, ta’minotchi, sayt tashrifchisi) O‘RQ-547-son Qonunga (jumladan, uning 11, 17, 21, 22, 30 va 31-moddalariga) muvofiq quyidagi huquqlarga ega:
1) Operatorda o‘z shaxsga doir ma’lumotlari va ularning tarkibi borligini bilish;
2) so‘rov bo‘yicha ishlov berish haqida axborot olish;
3) o‘z ma’lumotlaridan foydalanish imkoniyatini berish shartlari haqida axborot olish;
4) ma’lumotlarni o‘zgartirish va to‘ldirishni talab qilish;
5) ma’lumotlar to‘liq bo‘lmasa, eskirgan, noaniq bo‘lsa, qonunga xilof ravishda olingan bo‘lsa yoki ishlov berish maqsadlari uchun zarur bo‘lmasa, ishlov berishni vaqtincha to‘xtatib turishni talab qilish;
6) rozilikni chaqirib olish;
7) qonunda nazarda tutilgan hollarda ma’lumotlarni yo‘q qilishni talab qilish;
8) vakolatli davlat organiga yoki sudga murojaat qilish.

8.2 So‘rov bo‘yicha beriladigan axborot (O‘RQ-547-son Qonunning 22-moddasi): ishlov berilayotganining tasdig‘i; ishlov berish asoslari, maqsadlari va usullari; Operatorning nomi va pochta manzili; ma’lumotlardan foydalanish imkoniga ega bo‘lgan shaxslar; ma’lumotlar tarkibi va manbasi; ishlov berish va saqlash muddatlari; huquqlarni amalga oshirish tartibi; transchegaraviy uzatish haqidagi axborot.

8.3 Do‘kon egasi ilovada o‘zi: do‘kon nomi, ismi, manzili, tili va karta raqamini o‘zgartirishi; mijozlarni (ochiq qarzi bo‘lmasa), xodimlarni, tovarlarni, xarajatlarni, buyurtmalarni va AI suhbatlarini o‘chirishi; savdo hisobotlari va xarajatlarni (CSV) hamda ombor ro‘yxatini (XLSX) yuklab olishi mumkin. Kirish telefon raqamini o‘zgartirish va hisobni o‘chirish qo‘llab-quvvatlash xizmati orqali amalga oshiriladi.

8.4 So‘rov yuborish usullari: Telegram — https://t.me/arabicone_admin; telefon — +998 91 267 06 06, +998 93 922 88 89; elektron pochta — [email protected]; yozma ariza — Xorazm viloyati, Urganch shahri, Tozabog’ MFY, Obodlik ko’chasi, 27-uy, 11-xonadon. Ishlov berishni vaqtincha to‘xtatish yoki ma’lumotlarni yo‘q qilish haqidagi arizani elektron shaklda (Telegram yoki elektron pochta orqali) yuborish mumkin.

8.5 Boshqa shaxslarning ma’lumotlarini himoya qilish uchun Operator arizachining shaxsini tekshiradi: masalan, so‘rovni do‘kon telefon raqamiga bog‘langan Telegram akkauntidan yuborishni yoki shu raqamga bog‘liq qo‘shimcha ma’lumotni tasdiqlashni so‘raydi. So‘rovlar bepul ko‘rib chiqiladi.

8.6 Muddatlar:
1) ma’lumotlarni o‘zgartirish va to‘ldirish — ariza berilgan paytdan boshlab 3 kundan kechiktirmay (O‘RQ-547-son Qonunning 11-moddasi);
2) axborot berish rad etilsa — bu haqda yozma xabar 10 kun ichida yuboriladi (O‘RQ-547-son Qonunning 22-moddasi);
3) rozilik chaqirib olinganda — ma’lumotlar ariza kelib tushgan kundan keyingi ish kunidan kechiktirmay yo‘q qilinadi, qonunchilikka ko‘ra saqlanishi lozim bo‘lgan ma’lumotlar (6.4-band) bundan mustasno (Namunaviy tartibning 10-bandi);
4) qonunchilikni buzgan holda ishlov berilgan ma’lumotlar — talab kelib tushgandan keyin 1 ish kuni ichida yo‘q qilinadi (Namunaviy tartibning 24-bandi);
5) boshqa so‘rovlarga — 10 kundan kechiktirmay javob beriladi.
Ma’lumotlar o‘zgartirilgani yoki yo‘q qilingani haqida arizachiga yozma (elektron) xabar beriladi.

8.7 Xizmat ko‘rsatish uchun zarur bo‘lgan ma’lumotlarga ishlov berishga rozilik chaqirib olinsa yoki bu ma’lumotlar o‘chirilsa, Xizmatni ko‘rsatish imkonsiz bo‘ladi va shartnoma Ommaviy ofertada belgilangan tartibda bekor qilinadi.

8.8 Subyekt o‘z huquqlari buzilgan deb hisoblasa, shaxsga doir ma’lumotlar sohasidagi vakolatli davlat organiga — O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Migratsiya va personallashtirish departamentiga (https://pd.gov.uz) — yoki sudga murojaat qilishi mumkin. Vakolatli davlat organiga murojaat qilishdan oldin Operatorga murojaat qilish majburiy emas, lekin ko‘p masalalarni shu yo‘l bilan tezroq hal qilish mumkin. Do‘kon egasi va Operator o‘rtasidagi shartnomadan kelib chiqadigan nizolar Ommaviy ofertaning nizolar bo‘limida belgilangan tartibda hal qilinadi.

9. Do‘kon mijozlari, xodimlari va ta’minotchilari ma’lumotlari

9.1 Do‘kon mijozlari, xodimlari va ta’minotchilarining ma’lumotlarini Xizmatga do‘kon egasi yoki xodimlar kiritadi. Qaysi ma’lumotni, kim haqida va nima uchun kiritishni do‘kon egasi hal qiladi. Taraflar kelishuviga ko‘ra, bu ma’lumotlar bo‘yicha do‘kon egasi shaxsga doir ma’lumotlar bazasining mulkdori hisoblanadi, Operator esa ularga do‘kon egasining topshirig‘i bilan, faqat Xizmatni ko‘rsatish uchun ishlov beradi (O‘RQ-547-son Qonun 31-moddasining uchinchi qismi).

9.2 Operator bu ma’lumotlardan faqat Xizmatni ko‘rsatish uchun foydalanadi: ularni o‘z maqsadlarida ishlatmaydi, sotmaydi, 4-bo‘limda ko‘rsatilganlardan boshqa shaxslarga bermaydi va do‘kon mijozlari yoki ta’minotchilari bilan o‘z tashabbusi bilan bog‘lanmaydi. Mijoz yoki ta’minotchiga Telegram orqali xabar faqat u botga o‘zi ulangan bo‘lsa yuboriladi. Operator bu ma’lumotlarni ham qonun talablariga muvofiq himoya qiladi (7-bo‘lim).

9.3 Do‘kon egasi quyidagilarni bajarishi shart:
1) ma’lumotlarni kiritish uchun qonuniy asosga ega bo‘lish (masalan, mijoz bilan nasiyaga sotish shartnomasi yoki subyektning roziligi);
2) mijoz, xodim va ta’minotchini ularning ma’lumotlari bazaga kiritilayotganda ishlov berish maqsadlari va O‘RQ-547-son Qonunning 30-moddasidagi huquqlari haqida yozma shaklda xabardor qilish (23-modda), jumladan ma’lumotlar BuySale xizmatida saqlanishi va do‘kon egasi yoki xodim AI funksiyalaridan foydalansa, AQShdagi provayderga uzatilishi mumkinligi haqida (namuna matn — 9.8-band);
3) do‘kon egasi yoki xodim AI funksiyalaridan ularning ma’lumotlari bilan foydalansa — ularning ma’lumotlarini AQShga uzatishga roziligini oldindan olish (4.8-band);
4) voyaga yetmaganlarning ma’lumotlari uchun ota-onasi yoki boshqa qonuniy vakilining yozma roziligini olish (21-modda);
5) maxsus ma’lumotlarga (masalan, dorixonada mijozning sog‘lig‘iga oid ma’lumotlarga) faqat subyektning yozma, shu jumladan elektron shakldagi roziligi bilan ishlov berish (21 va 25-moddalar);
6) subyekt so‘rovi bo‘yicha ma’lumotlarni o‘z vaqtida tuzatish va o‘chirish.

9.4 Xodimlar: xodimning PIN-kodi do‘kon egasiga ochiq ko‘rinadi; xodimning kirish vaqtlari va bajargan amallari qayd etiladi va do‘kon egasiga ko‘rinadi; 7.6-banddagi sozlama yoqilgan bo‘lsa, xodim kirgani haqida do‘kon egasiga Telegram orqali xabar yuboriladi. Do‘kon egasi bu haqda xodimni oldindan xabardor qilishi kerak.

9.5 Mijozning Telegram botga ulanishi: do‘kon egasi yoki xodim mijozga maxsus havola yuboradi (nusxa ko‘chirib, Telegram orqali yoki telefonning o‘z SMS ilovasi orqali — bunda SMS do‘kon egasi yoki xodimning o‘z raqamidan ketadi). Mijoz havolani ochib, botni ishga tushirgandan keyin unga har bir xarid cheki avtomatik yuboriladi, u xaridlari va qarz qoldig‘ini botda ko‘ra oladi. Havolaning amal qilish muddati yo‘q. Havolani ochgan har qanday Telegram akkaunti mijozning xaridlari va qarz qoldig‘ini ko‘radi va keyingi cheklarni oladi, bog‘lanish esa havolani oxirgi ochgan akkauntga o‘tadi. Shuning uchun havolani faqat mijozning o‘ziga yuboring. Xabar olishni to‘xtatish uchun mijoz Telegramda botni bloklashi yoki do‘kondan bog‘lanishni uzishni so‘rashi mumkin.

9.6 Operator do‘kon mijozlariga SMS yubormaydi va qo‘ng‘iroq qilmaydi.

9.7 Do‘kon mijozi, xodimi yoki ta’minotchisiga o‘z ma’lumotlari bo‘yicha avval tegishli do‘konga murojaat qilish tavsiya etiladi: ma’lumotlarni do‘kon kiritgan va u ularni tezroq tuzatishi yoki o‘chirishi mumkin. 8.4-banddagi kanallar orqali Operatorga ham murojaat qilish mumkin; bunda ma’lumotlarni topish uchun do‘kon nomi yoki telefon raqamini va o‘z telefon raqamingizni ko‘rsating. Operator so‘rovni ko‘rib chiqadi, zarur bo‘lsa do‘kon egasiga yuboradi va 8.6-bandda ko‘rsatilgan muddatlarda javob beradi.

9.8 Namuna xabarnoma (9.3-bandning 2 va 3-kichik bandlari uchun). Do‘kon egasi mijozga qog‘ozda yoki xabar orqali, masalan, quyidagi matnni berishi va uning berilganini tasdiqlovchi dalilni saqlashi mumkin: «(Do‘kon nomi) do‘koni sizning ismingiz, telefon raqamingiz, xaridlaringiz va qarzingiz haqidagi ma’lumotlarni nasiyaga savdoni hisobga olish va qarz haqida sizga xabar berish uchun BuySale dasturida yuritadi; dastur serverlari O‘zbekistonda joylashgan. Siz o‘z ma’lumotlaringiz haqida axborot olish, ularni tuzatish va o‘chirishni talab qilish huquqiga egasiz (O‘RQ-547-son Qonunning 30-moddasi) — buning uchun do‘konga murojaat qiling. Do‘kon AI yordamchidan foydalansa, bu ma’lumotlar AQShdagi Anthropic PBC kompaniyasiga uzatilishi mumkin. Bunga roziman: ha / yo‘q (imzo, sana).» Xodim va ta’minotchi uchun matn ularning ma’lumotlariga moslashtiriladi.

10. Cookie fayllari, brauzer xotirasi va sayt analitikasi

10.1 Ilova (app.buysale.uz va Android ilova) o‘zi cookie fayllarini o‘rnatmaydi (Cloudflare o‘rnatishi mumkin bo‘lgan texnik cookie fayli haqida — 10.6-band). Qurilmaning brauzer xotirasida (localStorage) quyidagilar saqlanadi: kirish tokeni; interfeys tili; taklif kodi; ochiq savatlar (ularda savatga yozilgan mijoz ismi va telefoni bo‘lishi mumkin; hisobdan chiqilganda o‘chiriladi); chop etish va yorliq sozlamalari; skaner kamerasi, ovoz va tebranish sozlamalari; menyu holati; ilovani o‘rnatish taklifi yopilgani; Balans ekranida yopilgan Rahmat to‘lovi kartochkalari (to‘lov raqami va yopilgan vaqti: 26 soatdan eski yozuvlar e’tiborga olinmaydi va keyingi safar kartochka yopilganda yangilangan ro‘yxat bilan almashtiriladi, aks holda brauzer xotirasi tozalanguncha saqlanib qoladi). Brauzer sessiyasi xotirasida (sessionStorage) yangi tahrirni tasdiqlash «Keyinroq» tugmasi bilan qoldirilgani belgisi saqlanadi. Ilova tezroq ochilishi uchun uning qobig‘i (sahifa fayllari va belgilar) qurilmada keshlanadi; do‘kon ma’lumotlari ilova tomonidan keshlanmaydi, lekin ochilgan suratlar brauzer keshida 24 soatgacha qolishi mumkin.

10.2 Ilovada analitika, reklama va xatolarni kuzatish xizmatlari ishlatilmaydi. Ilova sahifasi ochilganda telegram.org saytidan Telegram skripti yuklanadi (4.5-band).

10.3 buysale.uz sayti Yandex Metrika hisoblagichidan foydalanadi: tashriflar statistikasi, bosishlar xaritasi, havolalar bo‘yicha o‘tishlar va Webvisor — sahifadagi harakatlar yozuvi (sahifa ko‘rinishi, sichqoncha harakati, bosishlar, sahifani aylantirish). Webvisor yozuviga forma maydonlariga kiritilgan matn ham tushishi mumkin. Shuningdek quyidagi hodisalar sanaladi: formani to‘ldirishni boshlash va yuborish, ilovaga va Telegramga o‘tish, telefon raqamini bosish, savol-javobni ochish, tilni almashtirish, narxlarni ko‘rish, sayt AI yordamchisini ochish, unga savol berish (savollar soni), tayyor savol tugmasini bosish, AI xatosi, taqqoslash va qurilma bo‘limlarini tanlash. Hodisaga qarab u bilan birga sahifa manzili, savol-javob ochilganda savol matni, tayyor savol tugmasi bosilganda tugma matni, forma yuborilganda esa do‘kon turi va til yuboriladi. Yandex Metrika o‘z cookie fayllari va brauzer xotirasidan foydalanadi, ma’lumotlarga Yandex o‘z shartlariga muvofiq ishlov beradi.

10.4 Sayt shriftlarni Google Fonts xizmatidan yuklaydi (4.7-band). Sayt AI yordamchisi suhbat tarixini brauzer sessiyasi xotirasida (sessionStorage) saqlaydi — u brauzer varag‘i yopilganda o‘chadi.

10.5 Sayt va ilovada reklama trekerlari (masalan, reklama piksellari) o‘rnatilmagan.

10.6 Cloudflare xavfsizlik maqsadida (masalan, avtomatlashtirilgan so‘rovlarni aniqlash uchun) o‘zining texnik cookie faylini o‘rnatishi mumkin.

10.7 Cookie fayllari va brauzer xotirasini brauzer sozlamalari orqali bloklash yoki o‘chirish mumkin. Saytda Yandex Metrika bloklansa ham, sayt ishlashda davom etadi. Ilovada brauzer xotirasi tozalansa, siz hisobdan chiqasiz va qurilmadagi sozlamalar asl holatiga qaytadi.

11. Ma’lumotlar tarqalib ketganda harakatlar

11.1 Operator shaxsga doir ma’lumotlarga ruxsatsiz kirilganini yoki ma’lumotlar tarqalib ketganini, yo‘qolganini yoki o‘zgartirilganini aniqlasa: hodisani to‘xtatish choralarini ko‘radi; zarur bo‘lsa ishlov berishni vaqtincha to‘xtatadi (O‘RQ-547-son Qonunning 31-moddasi); sabablarini tekshiradi va hodisani qayd etadi.

11.2 Hodisa do‘kon ma’lumotlariga tegishli bo‘lsa, Operator do‘kon egasini Telegram bot va (yoki) ilova orqali asossiz kechiktirmasdan xabardor qiladi: nima sodir bo‘lgani, qaysi ma’lumotlar zarar ko‘rgani, qanday choralar ko‘rilgani va do‘kon egasi nima qilishi kerakligi. Qonunchilikda talab qilingan hollarda subyektlar yozma shaklda xabardor qilinadi.

11.3 Operator qonunchilikda nazarda tutilgan hollarda va tartibda vakolatli davlat organini xabardor qiladi. Ma’lumotlar transchegaraviy uzatish jarayonida tarqalib ketsa, Operator bu holat aniqlangan paytdan boshlab 24 soat ichida vakolatli davlat organiga xabar beradi va 72 soat ichida tarqalib ketish sabablari hamda uni bartaraf etish bo‘yicha ko‘rilgan choralar haqida batafsil axborot yuboradi (Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 29-iyuldagi 415-son qarori).

11.4 Hodisa do‘kon mijozlari, xodimlari yoki ta’minotchilari ma’lumotlariga tegishli bo‘lsa, Operator do‘kon egasiga ularni xabardor qilish uchun zarur axborotni beradi.

11.5 Ma’lumotlaringizga ruxsatsiz kirilgan deb gumon qilsangiz (masalan, siz so‘ramagan kirish kodi yoki kutilmagan xodim kirishi haqida xabar kelsa), darhol 13-bo‘limdagi kanallar orqali xabar bering.

12. Siyosatni o‘zgartirish

12.1 Operator Siyosatni o‘zgartirishi mumkin: yangi funksiya yoki ma’lumotlarni oluvchi yangi tashqi xizmat qo‘shilganda, ishlov berish tartibi yoki qonunchilik o‘zgarganda. Har bir tahrir raqam va kuchga kirish sanasi bilan https://buysale.uz/maxfiylik/ (rus tilida — https://buysale.uz/ru/maxfiylik/) manzilida e’lon qilinadi; oldingi tahrirlar ham ochiq qoladi.

12.2 Muhim o‘zgarishlar — yangi turdagi ma’lumotlar yoki yangi maqsadlar, yangi qabul qiluvchilar yoki davlatlar, saqlash muddatlarining uzaytirilishi, administratorlarning do‘kon ma’lumotlariga kirish tartibi o‘zgarishi — kuchga kirishidan kamida 30 kalendar kun oldin ilovada, Telegram bot orqali (bot ulangan do‘kon egalariga) va saytda e’lon qilinadi. Kuchga kirish sanasigacha oldingi tahrir amal qiladi.

12.3 Yangi tahrir e’lon qilingach, ilova do‘kon egasidan uni tasdiqlashni so‘raydi (1.5-band); kuchga kirish sanasigacha «Keyinroq» tugmasi bilan ishlashda, jumladan ma’lumotlarni ko‘rish va hisobotlarni yuklab olishda davom etish mumkin. Kuchga kirish sanasidan keyin yangi tahrir tasdiqlanmaguncha na do‘kon egasi, na xodimlar ilovadan foydalana oladi; bu davrda do‘kon egasi o‘z ma’lumotlarining nusxasini 8.4-banddagi kanallar orqali so‘rashi mumkin.

12.4 Huquq va majburiyatlarni o‘zgartirmaydigan tahririy tuzatishlar (imlo xatolarini tuzatish, aloqa ma’lumotlarini yangilash) saytda e’lon qilingan kundan kuchga kiradi.

12.5 Yangi tahrirga rozi bo‘lmasangiz, Xizmatdan foydalanishni to‘xtatib, hisobni o‘chirishni so‘rashingiz mumkin (6.3-band). Muhim o‘zgarishni rad etgan do‘kon egasiga ishlatilmagan balans Ommaviy ofertaning 6.3 va 14.4-bandlariga ko‘ra to‘liq qaytariladi; boshqa hollarda balans qoldig‘i masalasi Ommaviy ofertaga muvofiq hal qilinadi.

13. Aloqa ma’lumotlari

13.1 Operator: "BUYSALE" mas’uliyati cheklangan jamiyati; STIR: 313346068; yuridik manzil: Xorazm viloyati, Urganch shahri, Tozabog’ MFY, Obodlik ko’chasi, 27-uy, 11-xonadon; pochta manzili: Xorazm viloyati, Urganch shahri, Tozabog’ MFY, Obodlik ko’chasi, 27-uy, 11-xonadon.

13.2 Shaxsga doir ma’lumotlarga ishlov berish va ularni himoya qilish uchun mas’ul shaxs: Nazarov Kamronbek Rasulovich, hammuassis.

13.3 Aloqa: Telegram — https://t.me/arabicone_admin; telefon — +998 91 267 06 06, +998 93 922 88 89; elektron pochta — [email protected]; sayt — https://buysale.uz.

13.4 Vakolatli davlat organi: O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Migratsiya va personallashtirish departamenti — https://pd.gov.uz.