Do‘kon atamalari lug‘ati: 43 ta so‘z oddiy tilda

Kassa, ombor, nasiya va soliq atamalari — har biri bir-ikki gapda, boshqacha nomlari bilan. Atama BuySale’ga tegishli bo‘lsa, dasturda qanday ishlashi yoki ishlamasligi ham yozilgan; batafsil sahifaga havola esa har atama ostida.

7 kun bepul sinashTo‘lov kartasi so‘ralmaydi

Qisqa javob

Do‘konchi, buxgalter va dastur sotuvchisi bir narsani turlicha ataydi: kimdir «NKM», kimdir «onlayn kassa» deydi; «nasiya» bankda bir ma’noda, do‘konda boshqa ma’noda. Bu lug‘atda har atamaning ta’rifi betaraf — qaysi dastur ishlatishingizdan qat’i nazar to‘g‘ri.

Kassa va soliqqa oid ta’riflar (onlayn-NKM, virtual kassa, fiskal ma’lumotlar operatori) Vazirlar Mahkamasining 943-son qaroridagi ta’riflarga tayanadi va 04.10.2026 kuni qayta tekshirilgan.

Dastur va qurilma

Do‘kon dasturi

Do‘kondagi savdo, kirim, qoldiq, qarz va foydani yuritadigan dastur. Kompyuterda, telefonda yoki bulutda — internet orqali ishlaydi. Fiskal kassa bilan bir narsa emas: soliq cheki kassadan chiqadi.

Boshqacha nomlari: do‘kon programmasi, magazin uchun programma, savdo dasturi, tovar hisobi dasturi

BuySale’da: BuySale — telefonda ishlaydigan do‘kon dasturi: kassa, ombor, nasiya va kechki foyda hisoboti.

Batafsil: Imkoniyatlar

POS tizimi

Point of sale — «sotuv nuqtasi»: kassa ekrani, skaner, chek va sotuv yozuvlari birga. O‘zbekistonda ko‘pincha do‘kon dasturi ma’nosida ham ishlatiladi. Bankning karta terminalini ham «POS-terminal» deyishadi — bu boshqa narsa.

Boshqacha nomlari: POS, POS-tizim, kassa tizimi

BuySale’da: POS — telefondagi kassa ekrani; bank terminaliga ulanmaydi.

Batafsil: POS tizimi nima?

Kassa dasturi

Sotuvni yozadigan dastur: tovar skanerlanadi yoki ro‘yxatdan tanlanadi, to‘lov turi belgilanadi, chek chiqadi va qoldiq kamayadi. Fiskal bo‘lmagan kassa dasturining cheki soliq cheki hisoblanmaydi.

Boshqacha nomlari: kassa programmasi, telefonda kassa, kassa ilovasi

BuySale’da: BuySale kassasi telefonda ishlaydi: sotuv naqd, karta yoki qarz deb belgilanadi, bitta sotuvni bo‘lib to‘lash ham mumkin. Fiskal chek bermaydi.

Batafsil: Kassa

USB skaner

Kompyuter yoki planshetga ulanadigan shtrix-kod skaneri. Kodni klaviaturadek «terib» yuboradi va oxirida Enter bosadi — shuning uchun alohida drayver odatda kerak bo‘lmaydi.

Boshqacha nomlari: shtrix-kod skaneri, qo‘l skaneri, skaner

BuySale’da: Telefon kamerasi ham, USB skaner ham ishlaydi — kassa, kirim, qaytarish va ombor ekranlarida.

Batafsil: Telefon skaneri

PWA (veb-ilova)

Progressive Web App — brauzer orqali o‘rnatiladigan ilova: bosh ekranda o‘z belgisi bo‘ladi va alohida oynada ochiladi, lekin ilovalar do‘konidan yuklab olinmaydi.

Boshqacha nomlari: veb-ilova, brauzer ilovasi

BuySale’da: BuySale kompyuterda va iPhone’da shu usulda o‘rnatiladi.

Batafsil: Dasturlar

APK

Android ilovasining o‘rnatish fayli. Play Market’siz, to‘g‘ridan-to‘g‘ri saytdan yuklab o‘rnatilishi mumkin.

Boshqacha nomlari: APK fayl, Android ilova fayli

BuySale’da: BuySale’ning Android ilovasi saytda APK sifatida turadi; Play Market’da yo‘q.

Batafsil: Dasturlar

Telegram Mini App

Telegram ichida, bot tugmasi orqali ochiladigan veb-ilova: foydalanuvchi chatdan chiqmasdan ishlaydi.

Boshqacha nomlari: Telegram mini-ilova, TMA

BuySale’da: Telegram bot kirish kodini va kechki hisobotni yuboradi; ilovaning o‘zi app.buysale.uz manzilida ochiladi.

Batafsil: Dasturlar

Kassa va soliq

Onlayn-NKM

Onlayn nazorat-kassa mashinasi: fiskal modulga ulanadigan, fiskal chek chiqaradigan va uni real vaqtda fiskal ma’lumotlar operatoriga yuboradigan qurilma (Vazirlar Mahkamasining 943-son qarori, 2-band).

Boshqacha nomlari: onlayn kassa, NKM, KKM, kassa apparati, fiskal kassa

BuySale’da: BuySale onlayn-NKM emas va unga ulanmaydi — uning yonida hisob yuritadi.

Batafsil: Kassa apparati kerakmi?

Virtual kassa

Onlayn-NKM vazifasini bajaradigan dastur: fiskal chekni hosil qiladi, uni real vaqtda operatorga yuboradi va qog‘ozga chop etadi yoki elektron shaklda jo‘natadi (943-son qaror, 2-band).

Boshqacha nomlari: dasturiy kassa, virtual kassa tizimi

BuySale’da: BuySale virtual kassa ham emas: fiskal chek bermaydi.

Batafsil: KKM va dastur farqi

Fiskal chek

Onlayn-NKM yoki virtual kassa chiqaradigan va soliq tizimiga yuboriladigan chek. Unda fiskal belgi va soliq QR kodi bo‘ladi.

Boshqacha nomlari: soliq cheki, kassa cheki, onlayn-NKM cheki

BuySale’da: BuySale chiqaradigan chek fiskal emas — bu do‘konning o‘z sotuv cheki.

Batafsil: Kassa apparati kerakmi?

Fiskal ma’lumotlar operatori (OFD)

Onlayn kassalardan fiskal ma’lumotni qabul qilib, qayta ishlab, saqlaydigan tashkilot. 943-son qarorda bu Soliq qo‘mitasi huzuridagi «Yangi texnologiyalar» ilmiy-axborot markazi deb ko‘rsatilgan.

Boshqacha nomlari: OFD, fiskal operator

BuySale’da: BuySale fiskal ma’lumot yubormaydi va operatorga ulanmaydi.

Batafsil: KKM va dastur farqi

MXIK (IKPU)

Mahsulot va xizmatlarning yagona elektron milliy katalogidagi 17 xonali identifikatsiya kodi. Onlayn-NKM va virtual kassa chekida hamda elektron hisob-fakturada ko‘rsatiladi, tasnif.soliq.uz saytida qidiriladi.

Boshqacha nomlari: MXIK kodi, IKPU, soliq katalogi kodi

BuySale’da: MXIK maydoni yo‘q — kod fiskal kassangizda turadi.

Batafsil: Markirovka va MXIK

Markirovka (Asl belgisi)

Har bir dona tovarga raqamli kod (Data Matrix) tushirilib, uning yo‘li «Asl belgisi» milliy tizimida kuzatilishi. Kassada har donaning kodi o‘qiladi va chekka tushadi.

Boshqacha nomlari: raqamli markirovka, Data Matrix, markirovka kodi

BuySale’da: BuySale «Asl belgisi»ga ulanmagan va Data Matrix kodini o‘qimaydi.

Batafsil: Markirovka va MXIK

Smena

Kassirning ish davri: smena boshida kassadagi pul yoziladi, oxirida pul sanaladi, topshiriladi va hisob bilan solishtiriladi.

Boshqacha nomlari: kassa smenasi, smenani yopish, kassani topshirish

BuySale’da: Smena boshlang‘ich pul bilan ochiladi; yopishda «Kassada bo‘lishi kerak» summasi chiqadi, siz sanaganingizni yozasiz va farq darhol ko‘rinadi.

Batafsil: Kassa

Kassa farqi (kamomad)

Kassada bo‘lishi kerak bo‘lgan pul bilan haqiqatda sanalgan pul orasidagi farq. Kam chiqsa — kamomad, ko‘p chiqsa — ortiqcha.

Boshqacha nomlari: kamomad, nedostacha, ortiqcha

BuySale’da: BuySale smena yopilganda kamomad yoki ortiqchani ko‘rsatadi; farq sababini yozib qo‘yish mumkin.

Batafsil: Sotuvchi nazorati

Chek lentasi (58 va 80 mm)

Termo printer chek lentasining eni: 58 mm — ixcham printerlarda, 80 mm — kengroq va o‘qishli chek uchun. Lenta enini printeringizga qarab tanlaysiz.

Boshqacha nomlari: termo lenta, kassa lentasi

BuySale’da: Chek eni bir marta tanlanadi; chek brauzerning chop etish oynasi orqali chiqadi.

Batafsil: Chek va yorliq printeri

Shtrix-kod va yorliq

EAN-13

Eng ko‘p tarqalgan 13 xonali tovar shtrix-kodi. Oxirgi raqami — nazorat raqami: u qolgan 12 xonadan hisoblanadi va kod xato terilganini ushlaydi.

Boshqacha nomlari: shtrix-kod, zavod kodi, EAN

BuySale’da: BuySale EAN-13 ni kamera bilan o‘qiydi, yorliqqa chizadi va qo‘lda terilgan kodning nazorat raqamini tekshiradi.

Batafsil: Shtrix-kod va yorliq

UPC

Shimoliy Amerikada tarqalgan shtrix-kod: 12 xonali UPC-A va qisqa UPC-E. UPC-A oldiga 0 qo‘shilsa, o‘sha raqamli EAN-13 hosil bo‘ladi.

Boshqacha nomlari: UPC-A, UPC-E

BuySale’da: BuySale UPC-A va UPC-E ni o‘qiydi; kodning 12 va 13 xonali ko‘rinishini bitta tovar deb taniydi.

Batafsil: Telefon skaneri

Code-128

Raqam ham, harf ham sig‘adigan zich chiziqli kod. Ko‘pincha yetkazib berish, ombor va ta’minotchi yorliqlarida uchraydi.

Boshqacha nomlari: Code 128

BuySale’da: BuySale Code-128 va Code-39 ni o‘qiydi, lekin yorliqqa chizmaydi: yorliqda EAN-13 bo‘ladi.

Batafsil: Shtrix-kod va yorliq

QR kod

Kvadrat shaklidagi ikki o‘lchamli kod: ichiga uzun raqam, matn yoki havola sig‘adi va u har tomondan o‘qiladi.

Boshqacha nomlari: QR

BuySale’da: BuySale QR kodni o‘qiydi; zargarlik birkasiga QR chiziladi.

Batafsil: Shtrix-kod va yorliq

GS1

Shtrix-kod raqamlari tizimini yurituvchi xalqaro tashkilot. Zavod kodi (GTIN) ishlab chiqaruvchiga GS1 orqali beriladi; 20–29 bilan boshlanadigan raqamlar esa korxona ichida ishlatish uchun ajratilgan.

Boshqacha nomlari: GTIN, GS1 kodi

BuySale’da: Do‘kon ichidagi kod uchun GS1 kerak emas — BuySale 20 bilan boshlanadigan o‘z kodini yasaydi.

Batafsil: Shtrix-kod va yorliq

Ichki kod (20–29)

20–29 bilan boshlanadigan EAN-13 kod faqat bitta do‘kon yoki korxona ichida ma’noga ega: boshqa do‘konda xuddi shu raqam butunlay boshqa tovarni anglatishi mumkin.

Boshqacha nomlari: do‘kon kodi, ichki shtrix-kod

BuySale’da: BuySale zavod kodi yo‘q tovarga 20 bilan boshlanadigan kod yasaydi; bunday kodlar markaziy katalogdan qidirilmaydi.

Batafsil: Shtrix-kod va yorliq

PLU

Price look-up — tovarning tarozidagi raqami. Yorliq bosadigan tarozi shtrix-kodga shu raqamni va og‘irlikni (yoki summani) yozadi.

Boshqacha nomlari: tarozi raqami, PLU kod

BuySale’da: Oziq-ovqat turidagi do‘konda tovarga 5 xonali tarozi raqami beriladi va tarozi yorlig‘i kassada og‘irligi bilan o‘qiladi.

Batafsil: Tarozi yorlig‘i

Yorliq (birka, sennik)

Tovarga yoki javonga yopishtiriladigan qog‘oz: nomi, narxi va ko‘pincha shtrix-kodi bilan.

Boshqacha nomlari: birka, narx yorlig‘i, sennik, etiketka, narxnoma

BuySale’da: BuySale yorliqni A4 varaqqa yoki rulonga chop etadi; narx yozilishini o‘zingiz tanlaysiz.

Batafsil: Shtrix-kod va yorliq

Ombor

Kirim

Kelgan tovarni omborga yozish: nomi, miqdori, kirim va sotuv narxi bilan. Kirim saqlangach qoldiq ko‘payadi.

Boshqacha nomlari: tovar kirimi, prixod, tovar qabul qilish

BuySale’da: Kirim kassa ekranidagi «Tovar kirimi» bo‘limida qilinadi.

Batafsil: Tovar kirimi

Chiqim

Tovarning ombordan chiqib ketishi: sotuv, ta’minotchiga qaytarish yoki yaroqsiz bo‘lgani uchun hisobdan chiqarish.

Boshqacha nomlari: rasxod, hisobdan chiqarish, spisanie

BuySale’da: Sotuv qoldiqni o‘zi kamaytiradi; alohida «hisobdan chiqarish» tugmasi yo‘q — qoldiq inventarizatsiya orqali to‘g‘rilanadi.

Batafsil: Ombor hisobi

Qoldiq

Ma’lum paytda omborda qolgan tovar miqdori: kirimlardan sotuv va boshqa chiqimlar ayrilgani.

Boshqacha nomlari: ombordagi qoldiq, ostatka

BuySale’da: Qoldiq har sotuv va kirimda o‘zgaradi; kam qolgan tovar alohida ro‘yxatda chiqadi (telefon va zargarlik do‘konidan tashqari — u yerda har buyum yakka).

Batafsil: Ombor hisobi

Inventarizatsiya (reviziya)

Ombordagi tovarni sanab, dasturdagi qoldiq bilan solishtirish va farqni to‘g‘rilash.

Boshqacha nomlari: reviziya, sanoq, tovar sanog‘i

BuySale’da: Sanoq serverda saqlanadi — yarmida to‘xtasangiz ham yo‘qolmaydi.

Batafsil: Inventarizatsiya

Srok (yaroqlilik muddati)

Tovarni qaysi sanagacha sotish va iste’mol qilish mumkinligi.

Boshqacha nomlari: yaroqlilik muddati, amal qilish muddati, srok godnosti

BuySale’da: Srok oziq-ovqat, parfumeriya, dorixona va «Boshqa» turidagi do‘konlarda yuritiladi; srogi yaqinlashgan tovar alohida ro‘yxatda chiqadi.

Batafsil: Ombor hisobi

Partiya

Bir martada kelgan tovar to‘plami: o‘z kelish sanasi, kirim narxi va srogi bilan.

Boshqacha nomlari: yetkazma, lot

BuySale’da: Har kirim alohida partiya; sotuvda srogi eng erta tugaydigani birinchi yechiladi.

Batafsil: Ombor hisobi

Nakladnoy

Ta’minotchi tovar bilan birga beradigan hujjat: nimadan qancha va qaysi narxda kelgani yozilgan ro‘yxat.

Boshqacha nomlari: yuk xati, nakladnaya, faktura

BuySale’da: Nakladnoy suratini BuySale’dagi AI yordamchiga yuborsangiz, 40 qatorgacha ro‘yxat tayyorlanadi; omborga faqat siz tasdiqlagach tushadi.

Batafsil: Tovar kirimi

Filiallararo tovar o‘tkazish

Tovarni bir filial yoki ombordan boshqasiga yuborish: jo‘natuvchida chiqim, qabul qiluvchida kirim bo‘ladi, oradagi tovar esa «yo‘lda» hisoblanadi.

Boshqacha nomlari: tovar ko‘chirish, filiallar o‘rtasida tovar almashinuvi

BuySale’da: Ikki bosqichda: jo‘natilgan tovar qabul qiluvchi filial sanab tasdiqlamaguncha «yo‘lda» turadi, kamomad yozib qo‘yiladi, partiya va srok tovar bilan birga o‘tadi.

Batafsil: Tovar o‘tkazish

Pul va foyda

Tannarx

Tovarning sizga tushgan narxi — kirim narxi. Foyda shundan hisoblanadi.

Boshqacha nomlari: kirim narxi, olish narxi, sebestoimost

BuySale’da: Sotuvdagi tannarx o‘sha tovar yechilgan partiyalarning kirim narxidan olinadi — narx o‘zgarsa ham foyda to‘g‘ri chiqadi.

Batafsil: Hisobot

Ustama

Tannarx ustiga qo‘shiladigan summa. Foizda: ustama = (sotuv narxi − tannarx) ÷ tannarx × 100. Masalan, 10 000 so‘mga olingan tovar 12 000 ga sotilsa, ustama 20%.

Boshqacha nomlari: nachenka, narx ustamasi

BuySale’da: BuySale kirim formasida kirim va sotuv narxi orasidagi foydani darhol ko‘rsatadi.

Batafsil: Hisobot

Marja

Foydaning sotuv narxidagi ulushi: marja = (sotuv narxi − tannarx) ÷ sotuv narxi × 100. Yuqoridagi misolda marja taxminan 16,7% — bir xil narxlarda marja doim ustamadan kichik.

Boshqacha nomlari: margin, foyda ulushi

Batafsil: Hisobot

Yalpi foyda

Sotuvdan tushgan pul minus sotilgan tovarning tannarxi. Do‘kon xarajatlari hali ayrilmagan.

Boshqacha nomlari: brutto foyda, valovaya pribyl

BuySale’da: BuySale hisobotida sotuv, yalpi foyda, xarajat va sof foyda alohida qatorlarda turadi.

Batafsil: Hisobot

Sof foyda

Yalpi foydadan do‘kon xarajatlari — ijara, ish haqi, kommunal va boshqalar — ayrilgandan keyin qolgan pul.

Boshqacha nomlari: toza foyda, chistaya pribyl

BuySale’da: BuySale sof foydani har kecha Telegram’ga yuboradi.

Batafsil: Xarajatlar

Qarz va qaytarish

Nasiya

Tovarni hozir berib, pulini keyin olish — qarzga savdo. Bank va marketpleyslardagi «nasiya» (muddatli to‘lov xizmati) bilan adashtirmang: do‘kon nasiyasida qarzni do‘konning o‘zi yozadi va yig‘adi.

Boshqacha nomlari: qarzga savdo, nasiyaga sotish, qarzga berish

BuySale’da: Qarz mijozning telefon raqamiga yoziladi — muddat, limit va qisman to‘lov bilan.

Batafsil: Nasiya daftari

Qarz daftar

Kim qancha qarzdorligi va qachon to‘lashi yozilgan daftar yoki ilova.

Boshqacha nomlari: nasiya daftari, qarz daftari, daftar

BuySale’da: Qarzdorga eslatma o‘zi ketmaydi — dastur kimga qo‘ng‘iroq qilish kerakligini ko‘rsatadi.

Batafsil: Nasiyani yuritish

Postavshik qarzi

Do‘konning ta’minotchiga qarzi: tovar oldin olinib, puli keyin to‘lanadi.

Boshqacha nomlari: ta’minotchiga qarz, kreditorlik qarzi

BuySale’da: Ta’minotchi qarzi alohida yoziladi — kirim qarzni o‘zi yaratmaydi.

Batafsil: Postavshiklar

Qaytarish

Xaridor tovarni qaytarib berishi: pul qaytariladi yoki qarzidan ayriladi, tovar omborga qaytadi.

Boshqacha nomlari: vozvrat, tovarni qaytarib olish

BuySale’da: Chek shart emas: tovarni skanerlasangiz, qaysi sotuvdan olingani o‘zi topiladi; cheklar tarixidan ham qaytarsa bo‘ladi. Xato qaytarishni bekor qilib bo‘lmaydi.

Batafsil: Qaytarish

Filial va xodimlar

Filial

Bir egaga tegishli qo‘shimcha savdo nuqtasi — ikkinchi, uchinchi do‘kon. Odatda har filialning o‘z ombori, kassasi va xodimlari bo‘ladi, egasi esa hammasini birga kuzatadi.

Boshqacha nomlari: ikkinchi do‘kon, savdo nuqtasi, do‘konlar tarmog‘i

BuySale’da: Filial asosiy do‘kon kabinetidan ochiladi: balans bitta, har filialning o‘z ombori, kassasi va xodimlari bor; barcha filiallarni bitta ekranda jamlaydigan hisobot ilovada yo‘q.

Batafsil: Filiallar

KPI (xodim ko‘rsatkichlari)

Xodim ishini o‘lchaydigan asosiy ko‘rsatkichlar. Do‘konda odatda savdo summasi, cheklar soni, o‘rtacha chek va oylik reja bajarilishi; sotuvchi bonusi ko‘pincha shularga bog‘lanadi.

Boshqacha nomlari: sotuvchi samaradorligi, savdo rejasi, sotuvchiga bonus

BuySale’da: «Xodimlar KPI» ekrani faqat egada: sof savdo, cheklar, qaytarish, smenadagi kamomad, oylik reja va bonus hisobi; bonus avtomatik to‘lanmaydi.

Batafsil: Xodimlar KPI

Ko‘p adashtiriladigan juftliklar

Nasiya va qarz daftar bir narsami?

Yaqin, lekin bir xil emas. Nasiya — savdo usuli: tovar hozir, pul keyin. Qarz daftar — shu qarzlar yoziladigan joy: daftar yoki ilova. Do‘konda nasiya bo‘lsa, unga qarz daftar ham kerak.

Onlayn-NKM va virtual kassaning farqi nima?

Vazifasi bir xil: fiskal chek chiqarib, uni real vaqtda operatorga yuborish. Farqi shaklida: onlayn-NKM — qurilma, virtual kassa — dastur (943-son qaror, 2-band). Qaysi biri qulayligini kassa xizmat ko‘rsatuvchi tashkilot bilan hal qiling.

MXIK va shtrix-kodning farqi nima?

Shtrix-kodni (masalan, EAN-13) ishlab chiqaruvchi beradi va u qadoqda turadi — skaner shuni o‘qiydi. MXIK — soliq katalogidagi 17 xonali kod: tovar turini bildiradi va chekda, hisob-fakturada ko‘rsatiladi. Bitta tovarda ikkalasi ham bo‘ladi, lekin ular bir-birining o‘rnini bosmaydi.

Ustama va marjaning farqi nima?

Ikkalasi ham bitta foydani o‘lchaydi, faqat boshqa narxga nisbatan: ustama — tannarxga, marja — sotuv narxiga. 10 000 so‘mga olib, 12 000 ga sotsangiz: ustama 20%, marja taxminan 16,7%. Narx qo‘yishda ustama, foydani tahlil qilishda marja qulay.

Yalpi foyda va sof foydaning farqi nima?

Yalpi foyda — sotuvdan tannarx ayrilgani. Sof foyda — undan yana ijara, ish haqi va boshqa xarajatlar ayrilgani. Kunlik savdo yaxshi ko‘rinsa-yu, oy oxirida pul qolmasa, farq odatda shu ikki raqam orasida yashiringan bo‘ladi — xarajatlarni yozib boring.

BuySale bu atamalarning hammasini qo‘llaydimi?

Yo‘q. Lug‘at betaraf: fiskal chek, MXIK, markirovka va Data Matrix kabi narsalar BuySale’da yo‘q — har atama ostidagi «BuySale’da» qatorida buni ochiq yozganmiz. BuySale — fiskal kassa yonida ishlaydigan hisob dasturi.

Bog‘liq sahifalar

BuySale

So‘zlar tanish bo‘ldi — endi hisobni boshlang

7 kun bepul, to‘lov kartasi so‘ralmaydi. Keyin kuniga 6 630 so‘mdan — do‘kon turiga qarab.

Bepul boshlash