Shtrix-kod va yorliq: do‘konchi uchun amaliy qo‘llanma

Telefon kamerasi qaysi kodlarni o‘qiydi, mayda birka o‘qilmasa nima qilinadi, zavod kodi yo‘q tovarga qanday kod yasaladi va yorliqni A4 varaqda yoki rulon printerida qanday chiqarasiz.

Bepul sinab ko‘rishTo‘lov kartasi so‘ralmaydi

Telefon kamerasi qaysi shtrix-kodlarni o‘qiydi

Kassada skaner tugmasi bosilsa telefon kamerasi ochiladi va kod o‘qiladi. Do‘kondagi tovarlarning aksariyati EAN-13 bilan keladi — qadoq ustidagi o‘n uch xonali kod. Ilova undan tashqari yana bir necha formatni taniydi:

  • EAN-13 va EAN-8 — zavod qadoqlaridagi eng keng tarqalgan kodlar.
  • UPC-A va UPC-E — chetdan kelgan tovarlarda ko‘p uchraydi.
  • Code-128 va Code-39 — ombor va ta’minotchi birkalarida.
  • QR kod — zargarlik birkasida va QR bosilgan boshqa yorliqlarda.

Ro‘yxatda yo‘q formatlar o‘qilmaydi: ITF-14, Code-93, Codabar, Data Matrix va PDF417. ITF ataylab qo‘shilmagan — u kodning bir qismini o‘qib, noto‘g‘ri qisqa raqam qaytarishi mumkin, natijada savatga boshqa tovar tushadi. Shu sababli dori qutisidagi Data Matrix (markirovka) kodi ham skanerlanmaydi: dorixonada tovar qutidagi oddiy shtrix-kod yoki do‘konning o‘z kodi bo‘yicha yuritiladi.

Bu kodlar qanday ko‘rinadi

Quyidagi rasmlar internetdan olingan ham, qo‘lda chizilgan ham emas. Ular ilovaning o‘zi yorliq va birka chiqarishda ishlatadigan modul bilan yasalgan — ya‘ni do‘koningizda chop etilgan kod aynan shunday chiqadi. Xohlasangiz telefoningizdagi skanerni shu ekranga tutib sinab ko‘ring.

EAN-13 shtrix-kod namunasi, raqami 4780069000154

EAN-13

4780069000154

Zavod qadog‘idagi eng keng tarqalgan kod: o‘n uch raqam. Oxirgi raqam — nazorat raqami, ilova uni har o‘qishda tekshiradi, shuning uchun noto‘g‘ri o‘qilgan kod savatga tushmaydi. 478 bilan boshlangani — O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tgan ishlab chiqaruvchi.

UPC-A shtrix-kod namunasi, raqami 036000291452

UPC-A

036000291452

Chetdan kelgan tovarlarda ko‘p uchraydi — o‘n ikki raqam. Aslida bu ham EAN-13: oldiga bitta nol qo‘yilsa, aynan shu rasm chiqadi. Shuning uchun skaner ikkala formatni ham bir xil o‘qiydi va alohida sozlash kerak emas.

Do‘kon o‘zi yasagan EAN-13 kod namunasi, raqami 2000000000121

Do‘konning o‘z kodi

2000000000121

Zavod kodi yo‘q tovarga — tikuvchidan kelgan ko‘ylakka, quyma oltinga, bozordan olingan molga — ilovaning o‘zi kod yasab beradi: kirim paytida bitta tugma bosiladi. Bunday kod 20 bilan boshlanadi, chunki bu oraliq do‘kon ichidagi kodlar uchun ajratilgan va hech qaysi zavod kodi bilan urishmaydi.

QR kod namunasi, ichida 1135663249642778 raqami yozilgan

QR kod

1135663249642778

Zargarlik birkasida va joyi tor yorliqlarda ishlatiladi. QR ichiga uzunroq raqam sig‘adi va u har tomondan o‘qiladi — birka teskari osilib qolgan bo‘lsa ham skaner ko‘radi. Mayda birka uchun shtrix-kodga qaraganda ishonchliroq.

Code-128 va Code-39 — ta’minotchi hamda ombor birkalarida uchraydigan kodlar. Skaner ularni ham o‘qiydi, lekin bu yerda rasmi yo‘q: ularni chizadigan modul dasturda yo‘q, o‘ylab topilgan rasm qo‘yish esa shu sahifaning ma’nosini yo‘qotardi. Yuqoridagi to‘rttasi — chop etganingizda aynan shu ko‘rinishda chiqadigan kodlar.

Skaner yaxshi o‘qishi uchun

Ko‘p telefonning orqasida bir nechta kamera bo‘ladi va ularning hammasi ham yaqindan aniq olmaydi. Skaner ichidagi tugma bilan boshqasiga o‘tasiz, tanlovingiz shu telefonda eslab qolinadi.

  • Zoom — 1×, 1.5×, 2× va 3×. Mayda birkani kattalashtirib olasiz, telefonni kodga tiqishtirish shart emas.
  • Chiroq — qorong‘i javonda yoki soyada tugma bilan yoqiladi.
  • Masofa — kodni kadr o‘rtasida, bir qarichcha naridan ushlang; juda yaqin tutilsa kamera fokusni yo‘qotadi.
  • Yorug‘lik — yaltiroq qadoqda lampa aksi kodni yopmasligi uchun telefonni bir oz qiyshaytiring.

Kod o‘qilishi bilan qisqa “bip” ovozi chiqadi, telefon titraydi va ekran chaqnaydi — ekranga qaramay ham bilasiz. Tovar bazada topilmasa ovoz pastroq va ikki marta bo‘ladi. Noto‘g‘ri raqam savatga tushmasligi uchun ilova nazorat raqamini tekshiradi va bitta kodni ketma-ket bir necha marta bir xil o‘qishni talab qiladi, shuning uchun ba’zan kod “biroz kech” o‘qilgandek tuyuladi.

Android telefonlarda o‘qishni brauzerning o‘z dvigateli bajaradi — eng tez yo‘l. iPhone’da bunday dvigatel yo‘q, u yerda dastur kutubxonasi o‘qiydi va sekinroq bo‘lishi mumkin.

Skaner o‘qimay qo‘ysa nima qilinadi

Eng ko‘p uchraydigan sabab — eskirib qolgan kamera yoki zoom tanlovi. Skaner bir necha soniya ochiq turib hech narsa o‘qimasa va bu ketma-ket ikki marta takrorlansa, shu telefonda saqlangan tanlov o‘zi tozalanadi va skaner keyingi ochilishda standart holatdan ishga tushadi. Kamera ochiq turganda ekran pastida “Skanerni tiklash” tugmasi bor, o‘sha yerda qaysi kamera ishlayotgani va nechta kadr tekshirilgani yozilib turadi.

Bu hammasini tuzatadi degani emas: kirlangan linza, berilmagan kamera ruxsati yoki o‘chib ketgan yorliq baribir o‘qilmaydi. Shunday paytda kodni qo‘lda terasiz — skaner ichidagi maydondan yoki kassadagi qidiruv qatoridan. Kod deb o‘qilishi uchun kamida olti raqam kerak.

Kompyuterda ishlaydigan do‘konda Honeywell kabi USB skaner ham ishlatiladi: u klaviatura bo‘lib ulanadi va kodni terib bo‘lgach Enter yoki Tab yuborishi kerak. Shunda kod sotuv, kirim va qaytarish ekranlarida o‘z joyiga tushadi. Kursor boshqa katakda tursa kodning birinchi ikki belgisi o‘sha katakka tushib qolishi mumkin, shuning uchun kirimda narx yoki miqdor katagidan chiqib turib skanerlagan ma’qul.

Bazada yo‘q kodni tovarga biriktirasiz

Skanerlangan kod bazada topilmasa skaner yopiladi, lekin kod eslab qolinadi va tovarlar ro‘yxati ochiladi: kerakli tovarni bossangiz, kod o‘shanga biriktiriladi va keyingi safar darhol topiladi. Do‘konni kodga o‘rgatishning eng tez yo‘li shu. Kod boshqa tovarda band bo‘lsa, ilova buni aytadi va jimgina ko‘chirib yubormaydi.

Bir tovar yashik kodi, qadoq kodi yoki eski-yangi kod bilan kelishi mumkin. Hammasini bitta tovar kartochkasiga biriktirib qo‘yasiz: qaysi biri skanerlansa ham o‘sha tovar topiladi va qoldiq bitta joydan yechiladi.

Zavod kodi yo‘q tovarga o‘z kodingizni yasaysiz

Uy mahsuloti, bozordan kelgan mol yoki zargarlik buyumi — bularda zavod kodi bo‘lmaydi. Bunday tovarga dastur bir bosishda o‘z EAN-13 kodini yasab beradi: kod “20” bilan boshlanadi va o‘n uch xonadan iborat bo‘ladi — “20”, do‘kon raqami, tovar raqami va nazorat raqami. “20” bilan boshlanadigan kodlar zavodlarga berilmaydi, shuning uchun sizning kodingiz haqiqiy zavod kodi bilan chalkashmaydi. Kod yasalgan zahoti unga yorliq chop etiladi.

Zargarlik va telefon do‘konida har buyum alohida kartochka bo‘lgani uchun birkadagi raqam band bo‘lsa yangi buyumga do‘konning o‘z ichki kodi beriladi. Yana bir narsa: zavod kodi bor tovarni kirimda skanerlasangiz, u markaziy katalogda bo‘lsa nomi va bo‘limi o‘zi to‘ladi (2026-yil 3-oktabr holatiga 1 700 dan ortiq tasdiqlangan tovar). Katalogda topilmasa, nomini o‘zingiz yozasiz.

Dasturdan tashqarida bir-ikkita kod kerak bo‘lsa — masalan, yorliq dizayni uchun — 20 bilan boshlanadigan EAN-13 kodni bepul shtrix-kod generatorida yasab, SVG yoki PNG qilib olasiz.

Yorliqni chop etish: A4 varaq yoki rulon printeri

Yorliq ikki xil yo‘l bilan chiqadi. Qaysi biri to‘g‘ri kelishi printeringizga bog‘liq — ikkalasi ham ilovaning o‘zidan, qo‘shimcha dastursiz chiqariladi.

Oddiy printer, A4 varaq

Oddiy printerda bitta varaqqa bir nechta yorliq joylashib chiqadi. Kesish kerak bo‘ladi, lekin alohida printer sotib olish shart emas.

Rulon (etiketka) printeri

Yopishqoq yorliq rulonida har bir yorliq alohida sahifa bo‘lib chiqadi — kesish ham, yelim ham kerak emas.

Chiziqli kod qachon chiziladi, qachon faqat raqam bosiladi

Yorliqdagi qora chiziqlar faqat o‘n uch xonali EAN-13 kod uchun chiziladi — do‘kon o‘zi yasagan “20” li kod ham shunday. Boshqa uzunlikdagi kodda yorliqqa chiziqlar emas, raqamning o‘zi bosiladi va bunday yorliqni skaner o‘qiy olmaydi: kodni qo‘lda terish kerak bo‘ladi.

Zargarlik birkasi — QR kod bilan

Zargarlik do‘konida birka tor va uzun bo‘ladi: ustida Проба, Размер, Масса va Вставка qatorlari hamda QR kod turadi. Chiziqli kod bunday tor birkaga sig‘maydi, QR esa uzun raqamni ham ko‘taradi. Ilovaning skaneri QR kodni ham o‘qiydi, shuning uchun buyum kassada ham, inventarizatsiyada ham birkasidan topiladi.

Printerni bir marta sozlab qo‘yasiz

Chek va yorliq o‘lchami qurilmaga emas, do‘konga yoziladi. Bir marta sozlasangiz, do‘konning boshqa telefon va kompyuterlari — sozlamaga kira olmaydigan kassirniki ham — ilovani keyingi ochganda shu o‘lchamni oladi. Batafsil — chek va yorliq printeri qo‘llanmasida.

01

Profil bo‘limiga kiring

Ilovaning “Profil” bo‘limida “Chek printeri” va “Yorliq printeri” degan ikkita qator bor. Ular egaga va sozlama ruxsati berilgan xodimga ko‘rinadi.

02

O‘lchamni belgilang

Chek rulonining enini (58 yoki 80 mm) va yorliq o‘lchamini tanlaysiz — tayyor variantlardan yoki o‘zingiz yozib.

03

Sinovdan o‘tkazing

Bir bosishda sinov cheki yoki sinov yorlig‘i chiqadi. Sinov haqiqiy yo‘l bilan chiqariladi, ya’ni qog‘ozda ko‘ringani sotuvda ham xuddi shunday bo‘ladi.

04

Chop etish oynasida printerni tanlang

Chek va yorliq brauzerning chop etish oynasi orqali chiqadi: kerakli printerni o‘sha oynada tanlaysiz va masshtabni 100% qilib qo‘yasiz. Ilova printerga to‘g‘ridan-to‘g‘ri — Bluetooth yoki drayver orqali — ulanmaydi.

Ko‘p beriladigan savollar

Shtrix-kod skaneri sotib olishim shartmi?

Shart emas — kodni telefon kamerasi o‘qiydi. Kompyuterda ishlaydigan do‘konda Honeywell kabi USB skaner ham ishlaydi: u klaviatura bo‘lib ulanadi va kodni terib bo‘lgach Enter yoki Tab yuborishi kerak. Bluetooth skaner yoki printerga ilova to‘g‘ridan-to‘g‘ri ulanmaydi.

Skaner mayda birkani o‘qimayapti, nima qilay?

Zoomni 2× yoki 3× ga qo‘ying, chiroqni yoqing va skaner ichidagi tugma bilan boshqa orqa kameraga o‘ting — telefondagi hamma kamera ham yaqindan aniq olavermaydi. Foyda bermasa “Skanerni tiklash” tugmasini bosing yoki kodni qo‘lda tering: kamida olti raqam yetadi.

Skanerlagan kodim bazada topilmadi — sotuv to‘xtab qoladimi?

Yo‘q. Skaner yopiladi, lekin kod eslab qolinadi va tovarlar ro‘yxati ochiladi: kerakli tovarni bossangiz kod o‘shanga biriktiriladi va keyingi safar darhol topiladi. Kod boshqa tovarda band bo‘lsa, ilova buni aytadi.

O‘zim yasagan kod zavod kodi bilan chalkashib ketmaydimi?

Yo‘q. Do‘kon o‘zi yasagan kod doim “20” bilan boshlanadi, “20” bilan boshlanadigan kodlar esa zavodlarga berilmaydi. Kodning qolgan qismida do‘kon raqami va tovar raqami turadi, oxirida nazorat raqami bo‘ladi.

Dori qutisidagi kvadrat kod yoki yashik ustidagi ITF kod o‘qiladimi?

Yo‘q. Skaner EAN-13, EAN-8, UPC-A, UPC-E, Code-128, Code-39 va QR formatlarini o‘qiydi; Data Matrix (markirovka), ITF-14, Code-93, Codabar va PDF417 o‘qilmaydi. Yashik kodi ITF bo‘lsa, ichidagi tovarning oddiy qadoq kodini biriktiring yoki do‘konning o‘z kodini yasang.

Tarozi bosgan yorliq o‘qiladimi?

Oziq-ovqat turidagi do‘konda ha. Har bir og‘irlikdagi tovarga ilovada tarozi raqami (PLU) yasaladi va o‘sha raqam tarozingizga kiritiladi; tarozi yorliqni do‘kon ichi formatida — og‘irlik uchun 22, narx uchun 21 bilan boshlanadigan o‘n uch xonali kod qilib — bosadigan sozlangan bo‘lishi kerak. Boshqa turdagi do‘konda bu bo‘lim ko‘rinmaydi.

Tayyorladi: BuySale jamoasi · Xato topsangiz, Telegram’da bizga yozing

Bog‘liq sahifalar

BuySale

Bugun sinab ko‘ring, ertaga farqni ko‘rasiz.

7 kun bepul, to‘lov kartasi so‘ralmaydi. Keyin kuniga 6 630 so‘mdan — do‘kon turiga qarab.

Bepul boshlash