Do‘kon uchun dasturni qanday tanlash kerak

Tanlash narxni solishtirishdan boshlanmaydi. Avval do‘koningiz qanday ishlashini yozib chiqasiz — shundan keyin yigirmata tizimdan uchtasi qoladi. Quyida o‘sha savollar, obunadan tashqaridagi xarajatlar va O‘zbekistonda sotiladigan yechim turlari bor. Sahifani BuySale yozgan, shuning uchun bizga to‘g‘ri kelmaydigan holatlar ham alohida yozilgan.

7 kun bepul sinashTo‘lov kartasi shart emas

Qisqa javob

Hamma do‘konga to‘g‘ri keladigan bitta dastur yo‘q va bo‘lishi ham mumkin emas. Non do‘koni bilan zargarlik do‘konining ishi boshqa, bitta nuqta bilan o‘n filialning ishi boshqa. Shuning uchun “qaysi biri eng yaxshi” degan savolning javobi yo‘q — “mening do‘konimga qaysi biri” degan savolning javobi bor.

  • Fiskal chek dasturning o‘zidan chiqishi kerak bo‘lsa — hisob dasturi emas, onlayn kassa yoki virtual kassa qidiring. Bu ikki xil mahsulot.
  • Bir nechta filialni bitta hisobotda ko‘rish kerak bo‘lsa — buni tarif sahifasida ochiq yozgan tizimni oling.
  • Internet uzilib turadigan joyda — oflayn ishlaydigan ilovani oling (BuySale’ning Android va Windows ilovasi 7 kungacha internetsiz ishlaydi; brauzer versiyasi esa internet talab qiladi).
  • Kompyuter, skaner va printer olmoqchi bo‘lmasangiz — telefonda ishlaydigan ilovaga qarang.
  • Obuna — xarajatning yarmi. Jihoz, sozlash, o‘qitish va tovar ro‘yxatini birinchi marta kiritish ham pul va vaqt oladi.

Va oxirgisi: dasturni bir kun haqiqiy savdoda sinab ko‘rish o‘n sahifa taqqoslashdan foydali. Bepul muddat shuning uchun bor.

Tanlashdan oldin o‘zingizga beradigan sakkiz savol

Javoblarni bir betga yozib qo‘ying va har bir tizimni shu bet bilan tekshiring. Sotuvchi bilan gaplashganda ham shu bet yoningizda tursin.

01

Fiskal chek dasturning o‘zidan chiqishi kerakmi?

Bu birinchi va eng qimmat savol, chunki javobi bozorni ikkiga bo‘ladi. Fiskal chek onlayn kassa (onlayn-NKM) yoki virtual kassadan chiqadi; do‘kon hisobi dasturi esa qoldiq, foyda va nasiyani yuritadi. Ko‘p do‘konda ikkalasi yonma-yon turadi. Sizning do‘koningizga fiskal chek qanday tartibda kerakligini soliq organidan yoki buxgalteringizdan aniqlang.

02

Tarozida sotasizmi?

Og‘irlikda sotiladigan tovar bo‘lsa, tarozi bilan dastur bir-birini tushunishi kerak: tarozi yorliq bosadi, dastur o‘sha yorliqdan og‘irlikni o‘qiydi. Bunda tarozi do‘kon ichi formatida ishlashi va har tovarga tarozi raqami (PLU) berilishi shart. Buni sinov paytida o‘z tarozingizda tekshiring — reklama sahifasida emas.

03

Nechta savdo nuqtangiz bor?

Ikkinchi do‘kon ochilganda narx ham, hisobot ham o‘zgaradi. Tarif sahifasida “har bir savdo nuqtasi uchun” degan gapni qidiring: 18.09.2026 holatiga BILLZ har qo‘shimcha savdo nuqtasi uchun 179 000 so‘m, Optimo 100 000 so‘m, UMAG 92 000 so‘m deb yozgan, mDokon tarifi esa har bir savdo nuqtasiga alohida hisoblanadi. Alohida savol — filiallarni bitta hisobotda ko‘rish: bu hamma tizimda ham yo‘q.

04

Nasiya (qarz) yuritasizmi?

Mahalla do‘konida qarz daftari ko‘pincha eng katta pul turadigan joy. Agar shunday bo‘lsa, dasturda qarz kim bo‘yicha yuritilishini, qisman to‘lov yozilishini va muddati o‘tganlar ro‘yxati chiqishini tekshiring. Eslatmani dastur o‘zi mijozga yuboradimi yoki faqat ro‘yxat tayyorlab beradimi — buni ham aniq so‘rang, ikkalasi bir xil narsa emas.

05

Internetingiz qanday ishlaydi?

Bulutli tizimlarning ko‘pi internet bilan ishlaydi. Aloqa uzilib turadigan joyda oflayn rejimni ochiq e’lon qilgan tizim kerak. BuySale’ning Android va Windows ilovasi 7 kungacha internetsiz ishlaydi (sotuvlar navbatga yoziladi va aloqa qaytgach yuboriladi), brauzer versiyasi esa internet talab qiladi. Boshqalardan 18.09.2026 holatiga Paloma365 saytida ikki haftagacha oflayn ishlash, RAOS’da oflayn mahalliy saqlash va internet qaytganda sinxronlash, iDo‘kon’da esa oflayn rejimda ham ishlash yozilgan. Yozilmagan bo‘lsa — bor deb o‘ylamang, so‘rang.

06

Kim ma’lumot kiritadi va nechta tovar bor?

Eng ko‘p tashlab yuborilgan dastur sababi — katalog to‘lmagani. Ming xil tovarni birinchi marta kiritish bir necha kun oladi va uni odatda egasining o‘zi qiladi. Shuning uchun so‘rang: tovar qanday qo‘shiladi, tayyor katalog bormi, Excel fayldan ko‘chirish bormi, tovar soniga cheklov bormi. Bepul tariflar ko‘pincha aynan shu joyda tugaydi.

07

Sotuvchi nimani ko‘rmasligi kerak?

Agar do‘konda yollangan sotuvchi ishlasa, kim nima qilgani va kim nimani ko‘rishi alohida savol bo‘ladi. Tannarxni ko‘rish, chegirma qo‘yish, qarzga sotish va tovarni qaytarib olish — bular bir-biridan mustaqil ruxsat bo‘lishi kerak. “Xodim qo‘shsa bo‘ladi” degan gap bu savolga javob emas.

08

To‘lashni to‘xtatsam, ma’lumotim nima bo‘ladi?

Bu savolni hech kim bermaydi va keyin afsuslanadi. Ikki narsani aniqlang: obuna tugagan kuni ma’lumot o‘chadimi yoki turadimi, va tovar ro‘yxati bilan savdo tarixini o‘zingiz yuklab ololasizmi. Yuklab olish yo‘li bo‘lmasa, bir yildan keyin boshqa tizimga o‘tish deyarli imkonsiz bo‘ladi.

Haqiqiy narx nimalardan tashkil topadi

Tarifdagi raqam — birinchi qator, xolos. Birinchi hisobni ko‘rgan do‘konchi odatda qolgan qatorlardan hayron bo‘ladi.

Obuna

Oylik yoki kunlik to‘lov. Yillik to‘lovda chegirma bo‘lishi mumkin, lekin pul oldindan ketadi. Bizda hisob kunlik: balansdan har kuni bir kunlik narx yechiladi, eng arzon tarif 6 630 so‘m/kun (30 kunga 198 900 so‘m).

Nuqta, kassa va foydalanuvchi

Tarif yonida yozilmaydigan eng ko‘p qo‘shimcha shu. 18.09.2026 holatiga BILLZ har qo‘shimcha savdo nuqtasi uchun 179 000 so‘m, Optimo 100 000 so‘m, UMAG har nuqta uchun 92 000 va har kassa uchun 46 000 so‘m deb yozgan. Bizda xodim, kassa yoki tovar soni uchun qo‘shimcha to‘lov yo‘q.

Jihoz

Skaner, chek printeri, yorliq printeri, tarozi, kompyuter yoki planshet. Bu bir martalik, lekin katta summa. Telefon kamerasi bilan skanerlaydigan yechimda skaner xarajati umuman tushib qoladi; bizda kompyuterda USB skaner ham ishlaydi.

O‘rnatish, sozlash va o‘qitish

Alohida qator bo‘lib turadi: 18.09.2026 holatiga UMAG bir martalik sozlash va o‘qitishni 795 000 so‘m deb yozgan, REGOS esa fiskal modulni ulashni alohida to‘lanadigan xizmat deb ko‘rsatgan. Bizda sozlash haqi 0 so‘m.

Katalogni birinchi marta kiritish

Hech bir tarifda yozilmaydigan, lekin eng qimmat turadigan xarajat — sizning vaqtingiz. Ming xil tovar bir kunda kiritilmaydi. Shuning uchun katalog, shtrix-kod va import imkoniyatlarini oldindan so‘rang. Bizda Excel yoki CSV fayldan import yo‘q — tovar katalogdan tanlanadi, kodi skanerlanadi yoki yorlig‘i suratga olinadi (Excel yoki daftardan o‘tish).

Chiqib ketish narxi

Ikki yildan keyin boshqa tizimga o‘tmoqchi bo‘lsangiz, ma’lumotingizni qanday olib chiqasiz? Buni birinchi kuni so‘rang, uchinchi yili emas. Bizda ombor Excel’ga yuklab olinadi; to‘lashni to‘xtatsangiz ma’lumot darhol o‘chirilmaydi, eski yozuvlar ochiq qoladi — faqat xizmat 6 oy to‘xtab tursa va bu vaqtda hisobga kirilmasa, oferta bo‘yicha 30 kun oldin ogohlantirib o‘chirilishi mumkin. Kirish yo‘li — boshqa dasturdan o‘tish sahifasida.

Raqobatchilar haqidagi raqamlar 18.09.2026 holatiga ularning o‘z saytidan olingan va o‘zgarishi mumkin: BILLZ, Optimo, UMAG, REGOS. Bizning narxlarimiz esa Narxlar sahifasida, o‘nta tizim bilan yonma-yon qo‘yilgan jadval — Solishtirish sahifasida.

O‘zbekistonda qanday yechimlar bor

Bozorni beshta guruhga bo‘lish mumkin. Guruhni bilib olsangiz, keraksiz o‘ntasini darrov chetga qo‘yasiz. Guruh ichida tartib alifbo bo‘yicha, bu reyting emas.

1. Fiskal kassa: onlayn-NKM va virtual kassa

Bu guruh soliq uchun. Fiskal hujjat hosil qilinadi va fiskal ma’lumotlar operatoriga yuboriladi. Bu do‘kon hisobi dasturi emas va uning o‘rnini bosmaydi — ko‘p do‘konda ikkalasi yonma-yon turadi. Rasmiy ma’lumot soliq.uz saytida; farqini «Kassa apparati kerakmi?» sahifasida yozganmiz.

2. Telefonda ishlaydigan do‘kon ilovalari

Hisob telefon yoki planshetda yuritiladi, kompyuter va alohida skaner shart emas. Bu guruhda BuySale, mDokon (saytida mobil ilova haqida yozilgan; Play Market ilovasini biz Play’ning o‘zidan topdik) va Loyverse bor. Loyverse’ning asosiy POS’i bepul, lekin saytida O‘zbekiston, so‘m va O‘zbekiston soliq tizimi haqida hech narsa yozilmagan — mahalliy fiskalizatsiyani biz tasdiqlay olmadik. Play Market’da MobilKassa ilovasi ham bor, lekin uning rasmiy sayti va narxini birlamchi manbadan tekshira olmadik.

3. Kompyuterga o‘rnatiladigan dasturlar

Do‘kondagi Windows kompyuterda ishlaydi, ko‘pincha bulut bilan birga. EasyTrade — Windows uchun desktop dastur, narxi saytida e’lon qilinmagan. iDo‘kon — yuklab olinadigan desktop ilova va veb admin panel. JetPOS — asosiy ish joyi kompyuter, noutbuk yoki planshet. USU — faqat Windows uchun. Bu guruhda jihoz va o‘rnatish xarajati odatda kattaroq bo‘ladi.

4. Bulutli POS va tarmoq tizimlari

Brauzerda ishlaydi va filiallarga mo‘ljallangan. BILLZ, Hippo POS, MoySklad, Optimo, PosPoint, RAOS, REGOS, UMAG, YesPOS. Bu guruhning ko‘pi saytida soliq tizimi bilan integratsiyani yozgan — lekin har birini o‘zingiz tekshiring, chunki shart va narx tez o‘zgaradi.

5. Restoran, ulgurji va distribyutsiya tizimlari

Paloma365 va Poster POS o‘z saytida birinchi navbatda kafe va restoran uchun pozitsiyalangan — ikkalasining ro‘yxatida chakana do‘kon ham bor. Poster narxi faqat dollarda va sayt tillari orasida o‘zbek tili yo‘q. Smartup — 50 dan ortiq xodimli distribyutsiya kompaniyalari uchun.

Nimani tekshirmadik. Uchinchi tomon ro‘yxatlarida 1C:Розница, Linko, Bito ERP, GBS.Market, Saby Retail va boshqa nomlar ham uchraydi — biz ularning rasmiy saytini ochmaganmiz, shuning uchun bu sahifada ular haqida hech narsa yozmadik. 18.09.2026 holatiga SellerPeak24 domeni tiklash holatida, CloudShop’ning O‘zbekiston domeni va Jowi domeni esa javob bermadi. Shunday ro‘yxatlarning o‘zi: MoySklad (25 ta yechim), BILLZ (18 ta dastur), RAOS (POS tizimlari). Ular raqobatchilar tomonidan yozilgan — buni o‘qiyotganda yodda tuting, shu sahifa haqida ham.

Narxini ochiq e’lon qilganlar

Narxni saytida yozgan tizimlar. Ikkinchi ustunda — o‘sha tarifda nima yozilgani: cheklov, bepul muddat va qo‘shimcha to‘lov. Bu reyting emas, arzonidan boshlab tartiblangan.

BuySaleBiz
E’lon qilingan narx
6 630 so‘m/kun dan — 30 kunga 198 900 so‘m; narx do‘kon turiga qarab
Tarifda nima yozilgan

7 kun bepul, to‘lov kartasi so‘ralmaydi, sozlash 0 so‘m. Har tarifda barcha imkoniyatlar; xodim, kassa va tovar soni uchun qo‘shimcha to‘lov yo‘q. Fiskal chek bermaymiz. Turlar: Oziq-ovqat, mini market — 6 630 so‘m/kun, Telefon do‘koni — 6 630 so‘m/kun, Xo‘jalik mollari — 6 630 so‘m/kun, Zargarlik / oltin do‘koni — 6 666 so‘m/kun, Parfumeriya do‘koni — 6 666 so‘m/kun, Qurilish mollari do‘koni — 7 000 so‘m/kun, Kiyim do‘koni — 8 000 so‘m/kun, Dorixona — 10 000 so‘m/kun

REGOS
E’lon qilingan narx
Start — 69 000 so‘m/oy; Basic — 149 000; Plus — 299 000; Pro — 859 000 so‘m/oy
Tarifda nima yozilgan

Start’da 1 tashkilot, 1 ombor, 1 veb-kassa va 2 foydalanuvchi, ma’lumot 6 oy ko‘rsatiladi; ilg‘or integratsiya va hujjat aylanishi yo‘q. Fiskal modulni ulash alohida to‘lanadi. Narx sahifasida bepul tarif ham, bepul sinov ham ko‘rsatilmagan.

MoySklad
E’lon qilingan narx
Bepul — 0; Start — 69 300 so‘m (faqat yillik to‘lovda); Asosiy — 156 800 (yillik) / 196 000 so‘m (oylik)
Tarifda nima yozilgan

Bepul tarifda 5 foydalanuvchi, 1 yuridik shaxs va 100 tadan tovar, kontragent hamda hujjat. Start — 1 foydalanuvchi va 1 savdo nuqtasi. Pullik tariflarda 14 kun bepul. E-POS orqali soliqqa ulanish va QR fiskal chek yozilgan; interfeys asosan rus tilida.

PosPoint
E’lon qilingan narx
Start — 99 000 so‘m/oy; Basic — 149 000; Extended — 199 000 so‘m/oy
Tarifda nima yozilgan

Start’da 1 ta ish joyi, Basic’da 3 tagacha. Onlayn kassa va yagona QR har bir tarifga kiritilgan. 7 kun bepul. Menejer uchun mobil ilova bor, Play Market havolasi sahifada berilmagan.

BILLZ
E’lon qilingan narx
Lite — 99 000 so‘m (to‘lov davri yozilmagan); Start — 299 000 so‘m/oy; Advanced — 499 000; Pro — 999 000 so‘m/oy; qo‘shimcha savdo nuqtasi — 179 000 so‘m
Tarifda nima yozilgan

Start — 10 tagacha foydalanuvchi va 5 000 mijoz; Advanced — 20 foydalanuvchi va 25 000 mijoz; Pro — cheksiz. Yillik yoki undan uzoq to‘lovda 20% chegirma; 10 dan ortiq savdo nuqtasida narx alohida kelishiladi. Asosiy tariflarda ish joyi — veb, kassir va sotuvchi uchun alohida mobil ilova bor; Lite — smartfonda (ilova yoki brauzer) ishlaydigan oddiy tarif: savdo, qarz va tushum hisobi. 7 kunlik bepul sinov.

YesPOS
E’lon qilingan narx
Standard — 100 000 so‘m/oy yoki 1 100 000 so‘m/yil; Premium — 200 000 so‘m/oy yoki 2 200 000 so‘m/yil
Tarifda nima yozilgan

Standard tarifda faqat bitta kassa. Fiskal QR chop etish, OFD, DIDOX, CLICK va PAYME integratsiyalari yozilgan. Android va iOS ilova hamda veb tizim; ilova o‘zbek, rus va ingliz tillarida. Oy oxirigacha bepul.

iDo‘kon
E’lon qilingan narx
Start — 100 000 so‘m/oy; Standard — 150 000; Premium — 250 000 so‘m/oy
Tarifda nima yozilgan

Asosiy ish joyi — Windows uchun yuklab olinadigan desktop ilova, admin panel veb. Soliq idorasi bilan bog‘langan onlayn kassa, Multikassa integratsiyasi va E-imzo SMS xabarnomasi yozilgan. Demo kirish beriladi; muddatli bepul sinov e’lon qilinmagan. Mobil ilova haqida sahifada ma’lumot yo‘q.

Optimo
E’lon qilingan narx
Asosiy — 100 000 so‘m/oy; Plus — 150 000; Standart — 350 000 so‘m/oy; Premium — kelishuv asosida
Tarifda nima yozilgan

Asosiy — 500 tagacha tovar, Plus — 1 500 tagacha, Standart — cheksiz. Har bir qo‘shimcha savdo nuqtasi 100 000 so‘m. Premium 100 dan ortiq savdo nuqtasi uchun. Ochiq bepul sinov e’lon qilinmagan, saytda demo so‘rash formasi bor. Soliq yoki fiskal integratsiya haqida saytda hech narsa yozilmagan.

Paloma365
E’lon qilingan narx
Boshlang‘ich — 134 700 so‘m/oy; Asosiy — 224 500; Universal — 269 400 so‘m/oy
Tarifda nima yozilgan

Har tarifda faqat bitta savdo nuqtasi, foydalanuvchi soni cheksiz; ko‘p filial varianti tarif sahifasida yo‘q. Ikki haftagacha oflayn ishlash yozilgan. Windows, Android va iOS. 15 kun bepul, karta talab qilinmaydi. Asosan kafe va restoran uchun; soliq yoki fiskal integratsiya aytilmagan.

mDokon
E’lon qilingan narx
Standard — 199 000 so‘m/oy; Business — 299 000; Premium — 399 000 so‘m/oy — har bir savdo nuqtasi uchun
Tarifda nima yozilgan

Saytda “mahsulot, kassa va xodim bo‘yicha cheklov yo‘q” deb yozilgan. Soliq fiskalizatsiyasi hamda Click, Payme va Uzum integratsiyasi bor. Demodan keyin 14 kun bepul beriladi. Google Play’da mobil ilovasi bor.

Hippo POS
E’lon qilingan narx
Base — 0,6 BRV = 247 200 so‘m/oy; Medium — 1 BRV = 412 000; Pro — 1,5 BRV = 618 000 so‘m/oy
Tarifda nima yozilgan

Narx bazaviy hisoblash miqdoriga bog‘langan: u o‘zgarsa oylik to‘lov ham o‘zgaradi. Ombor cheklovi: Base — 1, Medium — 3, Pro — 7; tovar va kontragent soni cheksiz. Onlayn KKM bilan integratsiya, QR-kodli chek va soliq hisoboti yozilgan. Bepul sinov muddati sahifada ko‘rsatilmagan.

RAOS
E’lon qilingan narx
Starter — 249 000 so‘m/oy; Growth — 449 000; Pro — 799 000 so‘m/oy
Tarifda nima yozilgan

Soliq.uz integratsiyasi barcha tariflarga qo‘shimcha to‘lovsiz kiritilgan, fiskal chek OFD orqali avtomatik yuboriladi. Oflayn rejimda mahalliy saqlash, internet qaytganda sinxronlash. Kompyuter, planshet va telefon: kassir uchun Android ilova, egasi uchun iOS/Android ilova. 30 kun bepul, karta kerak emas.

UMAG
E’lon qilingan narx
Standard: 3 oyga — 582 000 so‘m; 6 oyga — 1 032 000; 12 oyga — 1 860 000 so‘m
Tarifda nima yozilgan

Faqat bitta tarif, oylik to‘lov varianti yo‘q — eng qisqa muddat 3 oy. Bir martalik sozlash va o‘qitish 795 000 so‘m alohida; har qo‘shimcha savdo nuqtasi 92 000, har qo‘shimcha kassa 46 000 so‘m. Fiskalizatsiya va mobil ilova tarifga kiritilgan, ilova havolasi berilmagan. Bepul sinov e’lon qilinmagan. O‘rnatishni mutaxassislar joyida bajaradi.

Har bir raqam o‘sha tizimning o‘z rasmiy saytidan, 18.09.2026 holatiga olingan va o‘zgarishi mumkin — ulanishdan oldin saytini o‘zingiz oching. BILLZ, REGOS va MoySklad qatorlari 04.10.2026 da qayta tekshirildi. EasyTrade, JetPOS, OX System, SellerPeak24, Smartup va USU narxni ochiq e’lon qilmagani uchun bu ro‘yxatda yo‘q. Loyverse va Poster POS narxni dollarda, CloudShop rublda e’lon qilgan va saytida O‘zbekiston uchun shart yozilmagan.

BuySale bu rasmda qayerda turadi

Bitta gapda: egasi yoki bir-ikki sotuvchi ishlaydigan, hisobni telefonda yuritmoqchi bo‘lgan do‘kon uchun. Quyida nima borligi va nima yo‘qligi alohida.

To‘lashni to‘xtatsangiz nima bo‘ladi, degan savolga ham aniq javob: balans tugashiga bir necha kun qolganda Telegram’ga ogohlantirish keladi. Balans nolda yoki minusda bo‘lsa yangi savdo va kirim yozilmaydi, lekin bu kunlar uchun pul olinmaydi va ma’lumotingiz joyida qoladi — eski yozuvlar ham, balansni to‘ldirish ham ochiq turadi. Faqat bitta istisno bor: xizmat to‘xtagan kundan boshlab 6 oy davomida balans bir marta ham to‘ldirilmasa va hisobga bir marta ham kirilmasa, oferta bo‘yicha hisob ma’lumotlari bilan o‘chirilishi mumkin — bundan kamida 30 kun oldin Telegram orqali ogohlantiriladi, shu vaqt ichida kirsangiz yoki balansni to‘ldirsangiz, hisob o‘chirilmaydi. Batafsil: Narxlar, Imkoniyatlar va Solishtirish.

Qachon BuySale noto‘g‘ri tanlov bo‘ladi

Bu bo‘lim ataylab yozilgan. Noto‘g‘ri dastur olib, ikki oydan keyin tashlab yuborishdan ko‘ra, birinchi kuni boshqasini tanlaganingiz yaxshi.

Fiskal chek dasturdan chiqishi kerak bo‘lsa

Biz fiskal chek bermaymiz va soliq tizimiga ulanmaganmiz. 18.09.2026 holatiga RAOS Soliq.uz integratsiyasini barcha tariflarga qo‘shgan, YesPOS fiskal QR va OFD ni, mDokon soliq fiskalizatsiyasini, UMAG esa fiskalizatsiyani tarifga kiritganini yozgan.

Batafsil →

Restoran, kafe yoki fast-food bo‘lsa

Bizda oshxona, stol, modifikator va taomnoma yo‘q — biz chakana do‘kon uchun yozilganmiz. Paloma365 va Poster POS aynan shu yo‘nalish uchun pozitsiyalangan.

Filiallarni bitta hisobotda ko‘rmoqchi bo‘lsangiz

Bizda filiallar bor (bitta balans, filiallararo tovar o‘tkazish, kechki Telegram hisobotida jami), lekin barcha filiallarni bitta ekranda jamlaydigan hisobot ilovada yo‘q. BILLZ Pro tarifida foydalanuvchi va mijoz soni cheklanmagan, Optimo esa 100 dan ortiq savdo nuqtasi uchun alohida Premium taklif qiladi.

Markirovka qilingan tovar sotsangiz

Asl belgisi markirovkasi bilan ishlamaymiz: Data Matrix kodi o‘qilmaydi. Bu talab sizga tegishli bo‘lsa, markirovkani ochiq yozgan onlayn kassa yoki tizim kerak.

Internet tez-tez uzilsa

Bizda oflayn rejim faqat Android va Windows ilovalarida: 7 kungacha internetsiz sotuv navbatga yoziladi va aloqa qaytgach yuboriladi; brauzer versiyasi internet talab qiladi. 18.09.2026 holatiga Paloma365 ikki haftagacha oflayn, RAOS oflayn saqlash va keyin sinxronlash, iDo‘kon esa oflayn ishlashni yozgan.

Batafsil →

To‘lov dastur ichidan o‘tishi kerak bo‘lsa

Bizda karta terminali, QR to‘lov va bank integratsiyasi yo‘q — to‘lov turi faqat belgilanadi. YesPOS CLICK va PAYME, mDokon esa Click, Payme va Uzum integratsiyasini yozgan.

Bepul variant kerak bo‘lsa

Bizda butunlay bepul tarif yo‘q, faqat 7 kunlik sinov bor. MoySklad’ning “Бесплатный” tarifi muddatsiz (100 tovar, 100 kontragent va 100 hujjat cheklovi bilan), Loyverse’ning asosiy POS’i ham bepul — lekin Loyverse saytida O‘zbekiston va so‘m haqida hech narsa yozilmagan.

Batafsil →

Ulgurji savdo va distribyutsiya bo‘lsa

Biz chakana do‘kon uchun yozilganmiz: maydon savdosi, agent tashriflari va hudud qamrovi bizda yo‘q. Smartup aynan 50 dan ortiq xodimli distribyutsiya kompaniyalari uchun pozitsiyalangan.

Kassada tez chek chiqishi shart bo‘lsa

Bizda printerga to‘g‘ridan-to‘g‘ri (ESC/POS) ulanish yo‘q — chek va yorliq chop etish oynasi orqali chiqadi. Har sotuvda qog‘oz chek kerak bo‘lgan tez navbatli do‘konda buni sinov paytida albatta tekshiring.

Besh qadamda tanlash

Bir hafta yetadi. Uzoqroq cho‘zilsa, odatda qaror emas, ikkilanish uzayadi.

01

Do‘koningizni bir betga yozing

Yuqoridagi sakkiz savolga javob yozing: fiskal chek, tarozi, nuqta soni, nasiya, internet, tovar soni, xodim ruxsatlari, ma’lumotni olib chiqish. Bu bet keyin hamma gapni hal qiladi.

02

Uchtadan ko‘pini sinamang

Guruhni aniqlagach, ro‘yxat o‘zi qisqaradi. To‘rtinchi va beshinchi tizimni sinash qaror chiqarmaydi — faqat vaqtingizni oladi va katalogni ikki marta kiritishga majbur qiladi.

03

Sinovni haqiqiy savdo kunida o‘tkazing

Demo emas, o‘z tovaringiz, o‘z shtrix-kodingiz, o‘z tarozingiz va o‘z sotuvchingiz bilan. Eng navbatli soatda sinang: dastur o‘sha yerda ko‘rinadi. Bepul muddat bozorda 5 kundan 30 kungacha farq qiladi.

04

Yashirin xarajatlarni yozma so‘rang

To‘rtta savol: o‘rnatish va o‘qitish qancha, ikkinchi do‘kon va qo‘shimcha kassa qancha, fiskal modul narx ichidami, yangilanish va qo‘llab-quvvatlash alohida to‘lanadimi. Javobni yozma olish — telefon suhbatidan ishonchli.

05

Chiqish yo‘lini oldindan tekshiring

Sinov davridayoq ma’lumotni yuklab olib ko‘ring. Yuklab bo‘lmasa yoki “so‘rov yozing” deyilsa, buni ham qaror uchun fakt deb hisoblang. Obuna tugagach ma’lumot o‘chadimi — shuni ham shu payt so‘rang.

Tanlash bo‘yicha savollar

O‘zbekistonda do‘kon uchun eng yaxshi dastur qaysi?

Bunday dastur yo‘q. Javob do‘koningizga bog‘liq: fiskal chek dasturdan chiqishi kerakmi, tarozida sotasizmi, nechta savdo nuqtangiz bor, nasiya yuritasizmi, internet qanday ishlaydi va katalogni kim kiritadi. Shu oltita javob bozordagi yigirmata tizimdan uch-to‘rttasini qoldiradi, keyin narxga qaraysiz.

Do‘kon dasturi fiskal kassa o‘rnini bosadimi?

Yo‘q, agar dastur soliq tizimiga ulanmagan bo‘lsa. Fiskal chek onlayn kassa (onlayn-NKM) yoki virtual kassadan chiqadi, do‘kon hisobi dasturi esa qoldiq, foyda va nasiyani yuritadi. Ko‘p do‘konda ikkalasi yonma-yon ishlaydi. BuySale fiskal chek bermaydi va soliq tizimiga ulanmagan. Sizning holatingizda qanday tartib borligini soliq organidan yoki buxgalteringizdan aniqlang.

Eng arzon tarifni olsam bo‘ladimi?

Arzon tarifning ichida odatda cheklov turadi va u tez bilinadi. Masalan Optimo’ning Asosiy tarifida 500 tagacha tovar, REGOS Start’da 1 ombor, 1 veb-kassa va 2 foydalanuvchi, PosPoint Start’da 1 ta ish joyi, YesPOS Standard’da bitta kassa bor. Shuning uchun narxga emas, sizga kerak bo‘ladigan cheklovga qarang.

Bepul dastur bormi?

Bor, lekin cheklov bilan. MoySklad’ning “Бесплатный” tarifi muddatsiz, ammo 5 foydalanuvchi, 1 yuridik shaxs va 100 tadan tovar, kontragent hamda hujjat bilan cheklangan — haqiqiy do‘konda bu tez tugaydi. Loyverse’ning asosiy POS’i ham bepul, lekin uning saytida O‘zbekiston, so‘m va O‘zbekiston soliq tizimi haqida hech narsa yozilmagan. BuySale’da butunlay bepul tarif yo‘q, faqat 7 kunlik sinov bor.

Telefondagi ilova haqiqiy do‘konga yetadimi?

Egasi yoki bir-ikki sotuvchi ishlaydigan do‘konda — ha. Shtrix-kodni telefon kamerasi o‘qiydi, kompyuter va alohida skaner shart emas, jihoz xarajati tushib qoladi. Lekin kassada juda tez navbat bo‘lsa yoki har sotuvda qog‘oz chek kerak bo‘lsa, buni bepul sinov davrida o‘z do‘koningizda tekshirib ko‘ring — javobni faqat shu yerda olasiz.

Tovar ro‘yxatimni yangi dasturga qanday ko‘chiraman?

Bu tanlovdagi eng yashirin xarajat. Uch yo‘l bor: Excel yoki CSV fayldan import, tayyor katalogdan tanlash va shtrix-kod bo‘yicha qo‘shish. Har bir tizimda qaysi biri borligini oldindan so‘rang. BuySale’da Excel yoki CSV importi yo‘q — tovar katalogdan tanlanadi, kodi skanerlanadi yoki yorlig‘i suratga olinadi; omborni Excel’ga yuklab olish esa bor.

To‘lashni to‘xtatsam ma’lumotim o‘chib ketadimi?

Har bir tizimdan buni alohida so‘rash kerak, javob bir xil emas. BuySale’da balans tugashiga bir necha kun qolganda Telegram’ga ogohlantirish keladi; balans nolda yoki minusda bo‘lsa yangi savdo va kirim yozilmaydi, lekin bu kunlar uchun pul olinmaydi va ma’lumotingiz joyida qoladi — eski yozuvlar ham, balansni to‘ldirish ham ochiq turadi. Faqat bitta istisno bor: xizmat to‘xtagan kundan boshlab 6 oy davomida balans bir marta ham to‘ldirilmasa va hisobga bir marta ham kirilmasa, oferta bo‘yicha hisob ma’lumotlari bilan o‘chirilishi mumkin — bundan kamida 30 kun oldin Telegram orqali ogohlantiriladi, shu vaqt ichida kirsangiz yoki balansni to‘ldirsangiz, hisob o‘chirilmaydi.

Bir nechta do‘konim bor — nimaga qarashim kerak?

Ikki narsaga: har bir savdo nuqtasi uchun qancha qo‘shimcha to‘lanishiga va filiallarni bitta hisobotda ko‘rish mumkinmi-yo‘qmi degan savolga. BILLZ qo‘shimcha savdo nuqtasini 179 000 so‘m, Optimo 100 000 so‘m, UMAG 92 000 so‘m deb yozgan, mDokon tarifi esa har bir savdo nuqtasi uchun alohida hisoblanadi. BuySale’da ikkinchi do‘kon shu hisobda filial bo‘lib ochiladi, balans bitta — har bir ochiq filial uchun kuniga 6 630 so‘m qo‘shiladi; barcha filiallarni bitta ekranda jamlaydigan hisobot esa ilovada yo‘q (umumiy yakun — kechki Telegram hisobotida).

Bu sahifaga ishonsam bo‘ladimi — axir uni BuySale yozgan?

To‘g‘ri savol. Shuning uchun har bir raqam yonida manba va tekshirilgan sana turadi, raqobatchilar haqidagi ma’lumot esa faqat ularning o‘z rasmiy saytidan olingan — sharh maqolalaridan emas. Shu bilan birga biz o‘z kamchiliklarimizni ham ochiq yozdik va qaysi holatlarda boshqa tizimni tanlash kerakligini ko‘rsatdik. Baribir ikkalasini o‘zingiz ochib ko‘ring: bizniki ham, ularniki ham.

Tayyorladi: BuySale jamoasi · Tekshirildi: 18.09.2026 · Xato topsangiz, Telegram’da bizga yozing

Bog‘liq sahifalar

BuySale

Ro‘yxatingiz tayyor bo‘lsa — bizni ham sinab ko‘ring.

7 kun bepul, to‘lov kartasi so‘ralmaydi, sozlash haqi 0 so‘m. Yoqmasa — yuqoridagi ro‘yxatdan boshqasini tanlaysiz.

Bepul boshlash