Chek printeri va yorliq printerini sozlash

Chek 58 mm da chiqsinmi yoki 80 mm da, yorliq A4 varaqqami yoki 40×30 rulongami — hammasi Profildagi ikkita qatordan sozlanadi. Quyida sozlash tartibi va qog‘ozda xato chiqqanda nimadan boshlash kerakligi.

7 kun bepul boshlashSozlash va o‘rgatish bepul

Do‘konda ikki xil qog‘oz ishlatiladi: xaridorga beriladigan chek va tovarga yopishtiriladigan yorliq (zargarlikda — birka). BuySale ikkalasini ham chiqaradi, lekin bitta shartni boshidan bilib qo‘ygan ma’qul: ilova printerga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ulanmaydi. Chek ham, yorliq ham brauzerning chop etish oynasi orqali chiqadi — printerni o‘sha oynada o‘zingiz tanlaysiz va masshtabni 100% qilib qo‘yasiz. Chekda nima chiqishi — kassa sahifasida.

Chek printeri: 58 mm yoki 80 mm

Sozlamada ikki xil rulon eni bor. 58 mm rulonda chekning yoziladigan qismi 48 mm, 80 mm rulonda esa 72 mm bo‘ladi — tovar nomlari uzun bo‘lsa va chekda qator ko‘p bo‘lsa, 80 mm da keng va o‘qishli chiqadi. Qo‘lingizdagi rulon qaysi bo‘lsa, sozlamada ham o‘shani belgilang: aks holda matn chetga chiqib kesiladi yoki qog‘ozning yarmi bo‘sh ketadi.

Chekda do‘kon nomi, sana, sotuvchi, tovarlar, jami summa va to‘lov turi chiqadi; sotuv bo‘lib to‘langan bo‘lsa har qismi summasi bilan yoziladi, telefon do‘konida esa IMEI va kafolat muddati ham chekda turadi. Sotuv tugagach ilova “chek chiqaraymi?” deb so‘raydi. Keyinroq kerak bo‘lsa, sotuvlar tarixidan istalgan chekni qaytadan chop etasiz — qaytarish bo‘lgan bo‘lsa, qog‘ozga chiqadigan chekda qaytarilgan summa alohida satr bo‘lib turadi.

Sozlama qurilmaga emas, do‘konga yoziladi

Profil bo‘limida ikkita alohida qator bor: “Chek printeri” va “Yorliq printeri”. U yerda tanlagan o‘lchamingiz shu telefonda emas, do‘kon hisobida — serverda saqlanadi. Shuning uchun sozlashni bir marta qilasiz: do‘konning boshqa telefoni va kompyuteri, sozlamani ochа olmaydigan kassirniki ham, o‘sha o‘lchamni oladi. Bitta nozik joyi bor — o‘lcham ilova keyingi ochilganda yangilanadi. Kun bo‘yi ochiq turgan kassir ilovasi eski o‘lchamda chop etaveradi, shuning uchun o‘zgartirgandan keyin kassirga ilovani yopib qaytadan ochishni ayting.

Bu qatorlarni do‘kon egasi va “Sozlamalar” ruxsati berilgan xodim ko‘radi. Kassirga bunday ruxsat berilmagan bo‘lsa, u sozlamani umuman ko‘rmaydi — lekin cheki baribir siz tanlagan o‘lchamda chiqadi.

Sozlash — to‘rt qadam

01

Printerni qurilmaga ulang

Printer telefoningizga yoki kompyuteringizga qurilmaning o‘z sozlamasi orqali ulangan bo‘lsin. Chop etish oynasidagi printerlar ro‘yxatida ko‘rinsa, BuySale unga chiqaradi; ro‘yxatda ko‘rinmasa, ilova printerni o‘zi topa olmaydi. Qaysi printer olishni hali tanlamagan bo‘lsangiz — do‘kon jihozlari sahifasi.

02

Profildan o‘lchamni tanlang

Profil > Chek printeri — 58 yoki 80 mm. Profil > Yorliq printeri — tayyor o‘lchamlardan biri (40×30, 58×40, 58×30, 43×25, 30×20 mm) yoki o‘zingiz yozgan o‘lcham: eni 20–120 mm, bo‘yi 15–120 mm oralig‘ida.

03

Sinov cheki va sinov yorlig‘ini chiqaring

Bir bosishda sinov cheki yoki sinov yorlig‘i chiqadi. Sinov haqiqiy chek va yorliq yo‘lidan o‘tadi, ya’ni qog‘ozda nima ko‘rinsa, sotuvda ham xuddi shunday bo‘ladi. Zargarlik do‘konida sinov birka ko‘rinishida chiqariladi.

04

Chop etish oynasini to‘g‘rilang

Oyna ochilganda kerakli printerni tanlang, masshtab (Scale) 100% turganini tekshiring, qog‘oz o‘lchamini rulonnikiga qo‘ying va chekkalarni (margin) eng kichik qilib belgilang. Bu oyna brauzer yoki telefonning o‘ziniki — shuning uchun uni har bir qurilmada bir marta to‘g‘rilab qo‘yish kerak.

Yorliq: A4 varaq yoki rulon printeri

Yorliq ikki xil chiqadi — oddiy qog‘oz printerida ham, maxsus yorliq printerida ham. Qo‘shimcha jihoz olmasdan boshlasangiz ham bo‘ladi. Kod va narx yorlig‘i haqida — shtrix-kod qo‘llanmasida.

A4 varaqda

Oddiy printeringiz bo‘lsa, yorliqlar bitta A4 varaqqa bir nechta bo‘lib bosiladi: varaqni qirqib, javondagi tovarlarga yopishtirasiz. Yangi do‘kon uchun eng arzon yo‘l.

Rulon printerida

Yorliq printeri bo‘lsa, har yorliq alohida sahifa bo‘lib chiqadi — printer ularni birin-ketin bosadi. O‘lchamni Profilda belgilaysiz, masalan 40×30 mm.

Qog‘ozda xato chiqsa — nimadan boshlash kerak

Chop etishdagi muammolarning ko‘pi ilovada emas, chop etish oynasidagi uchta sozlamada: masshtab, qog‘oz o‘lchami va chekkalar.

Masshtab 100% emas

Oynada “Fit to page” yoki 90% turgan bo‘lsa, chek ham, yorliq ham kichrayib chiqadi va shtrix-kod o‘qilmay qoladi. Masshtabni 100% ga qo‘yib, sinov chekini qaytadan chiqaring.

Chekning yon tomoni kesilyapti

Sozlamadagi en rulonga to‘g‘ri kelmayapti: 58 mm rulonda yoziladigan joy 48 mm, 80 mm da 72 mm. Profildagi tanlovni qo‘lingizdagi rulonga moslang.

Bitta yorliq bir necha varaqqa bo‘linyapti

Chop etish oynasidagi qog‘oz o‘lchami yorliqnikidan katta — ko‘pincha A4 bo‘lib turadi. Qog‘oz o‘lchamini rulon o‘lchamiga qo‘ying va chekkalarni eng kichik qilib belgilang.

Yorliq skanerda o‘qilmayapti

Chiziqli kod juda siqilgan bo‘lishi mumkin: 40 mm enli yorliqda chiziq kengligi taxminan 0,30 mm ga tushadi, EAN-13 uchun eng kichigi esa 0,264 mm. 35 mm dan tor yorliqda skaner qiynaladi — kengroq yorliq oling.

Yorliqda chiziq emas, raqam chiqdi

Chiziqli kod faqat 13 xonali (EAN-13) kodda chiziladi. Kodingiz boshqa uzunlikda bo‘lsa, yorliqqa raqamning o‘zi bosiladi — bunday tovarga ilovadan yangi EAN-13 kod yasab bering.

Kassirda eski o‘lcham chiqyapti

Sozlama do‘konga yozilgan, lekin har bir qurilma uni ilova keyingi ochilganda oladi. Kassirdan ilovani yopib qaytadan ochishini so‘rang, shundan keyin yangi o‘lchamda chiqadi.

Nimani va’da qilmaymiz

Printer masalasida oldindan bilib qo‘ygan yaxshi bo‘lgan chegaralar — keyin “nega bunday emas” degan savol chiqmasligi uchun.

Printer haqida savollar

Bluetooth chek printerim bor, ishlaydimi?

BuySale printerga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ulanmaydi, shuning uchun javob printeringizga bog‘liq. Printer telefon yoki kompyuterning o‘ziga ulangan va chop etish oynasidagi printerlar ro‘yxatida ko‘rinadigan bo‘lsa, chek o‘sha printerdan chiqadi. Ro‘yxatda ko‘rinmasa, ilova uni topa olmaydi.

58 mm mi, 80 mm mi — qaysinisini tanlagan ma’qul?

Qaysi rulonni ishlatsangiz, o‘shani. 58 mm rulonda yoziladigan joy 48 mm — kichik do‘kon va qisqa cheklar uchun yetadi. 80 mm rulonda 72 mm — tovar nomlari uzun bo‘lsa va chekda qator ko‘p bo‘lsa qulayroq. Ikkalasi ham sozlamada bor, keyin o‘zgartirsangiz ham bo‘ladi.

Har bir telefonni alohida sozlash kerakmi?

O‘lchamni bir marta, Profildan sozlaysiz — u do‘konga, serverga yoziladi va boshqa qurilmalar ilovani keyingi ochganda o‘shani oladi. Faqat chop etish oynasining o‘zi (printer tanlovi, masshtab, chekkalar) har bir qurilmada bir marta to‘g‘rilanadi, chunki u oyna brauzer yoki telefonniki.

Yorliq printerim yo‘q, oddiy printerda chiqarsam bo‘ladimi?

Ha. Oddiy printerda yorliqlar bitta A4 varaqqa bir nechta bo‘lib chiqadi, siz qirqib olasiz. Rulon printeri paydo bo‘lganda Profildan o‘lchamni (masalan 40×30 mm) tanlaysiz va har yorliq alohida sahifa bo‘lib chiqa boshlaydi — shundan keyin chop etish oynasida qog‘oz o‘lchamini rulonnikiga qo‘yib, chekkalarni eng kichik qilib belgilash qoladi.

Yorliqqa narx yozilsinmi yoki yo‘qmi?

O‘zingiz hal qilasiz: narx katakcha bilan yoqiladi, standart holatda esa yozilmaydi — narx o‘zgaradi, yorliq esa tovarda qolib ketadi va eski narx bilan chalkashlik chiqadi. Zargarlik birkasiga narx umuman bosilmaydi: u yerda proba, razmer, massa, vstavka va QR kod turadi.

Bu chek fiskal (soliq) chekimi?

Yo‘q. BuySale chiqaradigan chek — do‘konning o‘z hisob varaqasi: unda fiskal belgi ham, soliq QR kodi ham, kassa apparati raqami ham yo‘q. Xaridorga tovar, summa va kafolatni ko‘rsatish uchun yetadi, lekin fiskal apparat o‘rnini bosmaydi.

Tayyorladi: BuySale jamoasi · Xato topsangiz, Telegram’da bizga yozing

Bog‘liq sahifalar

BuySale

Bugun sinab ko‘ring, ertaga farqni ko‘rasiz.

7 kun bepul, to‘lov kartasi so‘ralmaydi. Keyin kuniga 6 630 so‘mdan — do‘kon turiga qarab.

Bepul boshlash